Rossiyada yaponiyalik jurnalist josuslikda gumonlanib, hibsga olindi

Olam

−

image

Rossiyada akkreditatsiyadan o‘tgan Yaponiyaning “Xokkaydo Simbun” gazetasi jurnalisti Imai Yuki Rossiya hududida razvedka faoliyatini olib borganlikda ayblanib, qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, jurnalist Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan Saxalin viloyatida, mamlakatdan uchib ketishidan oldin qo‘lga olingan va Moskvaga olib ketilgan. Moskvadagi Lefortovo sudi uni kamida ikki oy hibsda saqlash haqida qaror chiqargan. U Lefortovo tergov izolyatorida saqlanishi kutilmoqda.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, josuslikda aybdor deb topilgan shaxs 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Imai Yuki Rossiyaning mudofaa qobiliyatiga oid ma’lumotlarni to‘plagan va ularni Rossiya xavfsizligiga qarshi foydalanish uchun Yaponiya razvedkasiga topshirishni maqsad qilgan. Qayd etilishicha, jurnalist Kuril orollarida Ukrainaga qarshi urushga safarbar qilingan harbiylar va ko‘ngillilar soni haqida ma’lumot to‘plagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa Yaponiyani Rossiyadagi xorijiy jurnalistlardan davlat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash uchun foydalanishga urinayotganlikda ayblamoqda.

“Bu Tokioning Rossiyadagi va xorijiy jurnalist maqomiga ega muxbirlarini davlatimiz xavfsizligiga putur yetkazish maqsadida ma’lumot to‘plash uchun ishlatishga urinayotgan birinchi holati emas”, deyiladi vazirlik izohida.

“Ostorojno, novosti” Telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, Imai Yuki kamida 2014 yildan beri Rossiyaga kelib turgan va Sankt-Peterburg davlat universitetida tahsil olgan. Uning 12 yil avvalgi ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida Rossiya teatrlari, muzeylari, konservatoriyalari va baletga oid ko‘plab suratlar mavjudligi aytilgan.

“Xokkaydo Simbun” gazetasida Imai Yuki 2026 yil sentyabr oyida Xabarovskda ochilgan yodgorlik haqida maqola yozgan. Yodgorlik Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba va Ikkinchi jahon urushining yakunlanishiga bag‘ishlangan. Jurnalist, shuningdek, sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Davlat dumasi saylovlari va Rossiya bilan Shimoliy Koreya o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanishini yoritgan.
Uning so‘nggi maqolasi joriy yilning 5 oktyabr kuni chop etilgan. Unda Imai Yuki Janubiy Saxalinskdan reportaj tayyorlab, Rossiyaning ushbu hududida Shimoliy Koreya fuqarolari borligi haqida yozgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Federal razvedka xizmatining (BND) sobiq rahbari Avgust Hanning josuslikda gumonlanib hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.

Marjona Mamaniyozova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing