JSST Hindistonning yana bir siropidan ogohlantirdi
Salomatlik
−
08 avgust 2023
6263Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda ishlab chiqarilgan yana bir yo‘tal siropining xavfli oqibatlaridan ogohlantirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, JSST kecha, 7 avgust kuni Iroqda sotilayotgan Hindistonda ishlab chiqarilgan “Cold out” nomli yo‘tal siropi haqida ogohlantirish e’lon qilgan. Dori vositasining tarkibidan toksinlar aniqlangani uchun shunday qarorga kelingan.
“Mahsulotning sifatsiz partiyasi xavfli va undan foydalanish, ayniqsa, bolalarda, jiddiy asoratlar yoki o‘limga olib kelishi mumkin”, deyiladi tashkilot ogohlantirishida.
Bu so‘nggi 10 oyda Hindistonda ishlab chiqarilgan dori vositalaridan beshinchi bor ogohlantirish e’lon qilinishi hisoblanadi.
JSST xabariga ko‘ra, mazkur sirop Hindistonning Fourrts kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi.
Iroq dorixonalaridan topilgan partiyadagi dorilar tarkibida 0,25 foiz diyetilen glikol va 2,1 foiz etilen glikol mavjudligi aniqlangan. Ushbu moddalarning JSST tomonidan qabul qilingan xavfsizlik chegarasi esa 0,10 foizni tashkil qiladi. Siropning ishlab chiqaruvchisi JSSTga mahsulot sifati va xavfsizligi bo‘yicha kafolatlarni taqdim etmagan.
JSST siropning toksik ta’siri qorin og‘rig‘i, qusish, diareya, siydik chiqara olmaslik, bosh og‘rig‘i, ruhiy holatning o‘zgarishi va o‘limga olib keladigan o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga sabab bo‘lishini qayd etgan.
Ayni paytda Iroqda dorixonalardan “Cold out” siropini qaytarib olish boshlangan.
Ma’lumot uchun, Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Keyinroq kompaniya dori vositalari ishlab chiqarishda sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib, yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.
2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi.
LiveBarchasi