Jonson Ukrainaga yana qurol yetkazib berilishini e’lon qildi

Olam

image

Buyuk Britaniya Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi artilleriya, dron va kemalarga qarshi raketalar bilan ta’minlaydi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Boris Jonson Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotidan so‘ng, ma’lum qildi.

“Men Prezidentga Ukraina mudofaasiga umumiy 1,3 milliard funt sterling miqdoridagi qo‘llab-quvvatlash, jumladan, uzoq masofali artilleriya, kemaga qarshi raketalar va uchuvchisiz samolyotlar haqida ma’lumot berdim. Bu bizning qo‘shimcha harbiy yordam paketimizning bir qismidir”, deya izoh qoldirdi u o‘zining Twitter sahifasida.

Shuningdek, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Zelenskiy bilan Rossiyaning Ukrainaning Qora dengiz portlarini blokirovka qilishi oqibatlarini ham muhokama qilgan.

“Biz Putinning Qora dengiz portlarini o‘ylamasdan blokadaga olishi natijasida yetkazilgan global iqtisodiy zararni qanday to‘xtatishimiz mumkinligini ham muhokama qildik”, deb yozdi Jonson.

Bosh vazirning so‘zlariga, ular Ukraina g‘alla zaxiralarini yetkazib berish uchun dengiz va quruqlik yo‘llarini ochish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

Bundan tashqari, u Britaniya Ukrainadan 50 ming qochqinni qabul qilganini qo‘shimcha qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

12

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing