Jonli ijroda konsert beradigan san’atkorlarga 50 foiz ijara imtiyozi beriladi
Madaniyat-san’at
−
27 may 2020
74082020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida qayd etilgan.
2021 yil 1 yanvardan boshlab:
• konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi;
• konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘im bekor qilinadi;
• davlat organlari va tashkilotlarining asosiy vazifa va funksiyalaridan kelib chiqib, ularning tashabbuslari bilan o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejalari (keyingi o‘rinlarda – kalendar rejalar) asosida o‘tkaziladi;
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining kalendar rejalarda nazarda tutilmagan davlat tadbirlarini o‘tkazishni nazarda tutuvchi qarorlarida ushbu tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha buyurtmachilar hamda ularni moliyalashtirish manbalari ko‘rsatiladi;
• konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning buyurtmalariga asosan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar yozma va haq evaziga tuziladigan shartnoma asosida taqdim etiladi, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi davlat muassasalari xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Madaniyat vazirligi) va boshqa davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkorlar va ijrochilarning jamoatchilik asosida jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan chop etilishini va ularning ta’lim muassasalariga to‘liq yetkazilishini ta’minlaydi.
LiveBarchasi