Jonli efirda Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i yomonlashdi (video)

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Kanal 7 va Ulker telekanallari jurnalistlarining 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq savollariga jonli efirda javob berayotganida o‘zini yomon his qildi. Efir boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tib, birdan 20 daqiqaga to‘xtatildi.

Erdo‘g‘anga savol bergan kishi birdan “reklama” deb o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Efir to‘xtatilishidan bir necha soniya oldin ekranda “voy!” degan ovoz aks etdi va kameralar Erdo‘g‘anni ko‘rsatmasdan reklama roligi efirga uzatildi.

Translyatsiya qayta tiklanganidan keyin Prezident jurnalistlarga oshqozoni qattiq shamollaganini aytdi.

“Kecha va bugun saylovoldi ishlari qizg‘in kechdi. Shunday qilib, men oshqozon grippiga duchor bo‘ldim. Men hatto dasturni bekor qilish haqida o‘yladim. Lekin biz va’da bergan edik va keldik. Biz ham vaqti-vaqti bilan shunday muammolarga duch kelamiz, siz va tomoshabinlarimizdan uzr so‘rayman”, degan Erdo‘g‘an.

Ko‘rsatuv qayta tiklanganidan so‘ng jurnalistlar Prezidentga bittadan savol berdi, shundan so‘ng efir tugadi. Keyinroq Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtay o‘zining Twitter'dagi sahifasida Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i juda yaxshi ekaniga ishontirdi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada prezident va parlament saylovlari o‘tkazilishi joriy yilning 14 may sanasiga belgilangan. Unda asosiy nomzod sifatida mamlakatning amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ishtirok etmoqda. Shuningdek, muxolif partiyalar birlashuvidagi “Millat ittifoqi” koalitsiyasi “Jumhuriyat Xalq” partiyasidan Kamol Qilichdoro‘g‘lini nomzod qilib ko‘rsatgan. Bundan tashqari, “Ajdodlar” Alyansidan Sinan Og‘an, “Vatan” partiyasidan esa Muharram Inje prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing