Jonli devor, eng kuchli jangovar texnika. Prezident To‘qayev qanday qo‘riqlanyapti?
Olam
−
07 yanvar 2022
35306Takror va takror aytishga hojat bo‘lmasa ham eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda Yangi yilning birinchi kunlari suyultirilgan gaz narxining oshishi ortidan boshlangan namoyishlar kun sayin avj olmoqda. Butun respublikada 19 yanavargacha favqulodda holat e’lon qilindi, shuningdek komendantlik soati amalda. Fuqarolar soat 23:00 dan 7:00 gacha tashqariga chiqishi mumkin emas.
Xabaringiz bor, kecha, 6 yanvar kuni mamlakatga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi kuchlari kira boshladi. Qozog‘istonning barcha hududlarida aksilterror operatsiyasi rejimi o‘rnatildi va terrorchilik tahdidining kritik – qizil darajasi joriy qilindi.
Ayni vaziyatda esa hozircha mamlakatning amaldagi va sobiq rasmiylaridan faqat Prezident To‘qayev ko‘rinish berib turibdi. OAVda ham uning xalqaro muloqotlari va xalqqa murojaati haqidagi xabarlarni o‘qib boryapmiz.
Elboshi Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari qayerdaligi, qanday qo‘riqlanayotgani, mamlakatda ro‘y berayotgan hodisalarga qanday munosabatda ekani haqida ma’lumotlar yo‘q. Uning sobiq saroyiga o‘t qo‘yildi, haykallari qo‘porildi. Elboshi Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini ham vorisi To‘qayevga topshirdi.
Shuningdek, 5 yanvar kuni iste’fo bergan Asqar Mamin ham qayerdaligi haqida ma’lumotlar ochiqlanmayapti.
Prezident To‘qayevning xavfsizligi esa shubhasiz har qachongidan kuchaytirilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa 5 yanvar kuni olovlangan vaziyatdan keyin Nur-Sultonda Prezident To‘qayevning Oqo‘rda saroyi atrofi askarlar, harbiy texnikalar bilan o‘rab olingani, bir necha qavatlik jonli qo‘rg‘on tashkil qilingani tasvirlangan suratlar tarqaldi.
Unda saroy atrofi atrofi avtobuslar, yak mashinalari va zirhlangan-janvogar transport vositalari bilan o‘ralganini ham ko‘rish mumkin.
Katta ehtimol Prezident va ma’muriyatning asosiy xodimlari rezidensiyadan chiqmay faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, teletranslyatsiyalar ham aynan rezidensiyadan olib borilmoqda.
To‘qayev 5 yanvar kunining o‘zidayoq namoyishlarga qarshi harakatlarni birinchi bo‘lib xavfsizlik borasidagi tashkilotlarga yangi rahbarlar tayinlashdan boshladi.
Prezident o‘z ma’muriyatining sobiq o‘rinbosari Murat Nurtleuni respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinladi.
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Davlat qo‘riqlash xizmati rahbari bo‘lib ishlab kelayotgan Yermek Sagimbayev egalladi.
Davlat qo‘riqlash xizmati rahbari o‘rinbosari — Prezident xavfsizlik xizmati rahbari lavozimlarida ishlagan Saken Isabekov esa Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlandi.
LiveBarchasi