Jinsiy tegajog‘likda ayblangan Karim Xon ishdan haydaldi
Olam
−
14:43 2439 2 daqiqa
Xalqaro jinoiy sud (XJS) bosh prokurori Karim Xon jinsiy tegajog‘lik ayblovlari sababli lavozimidan chetlashtirildi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 24 iyul kuni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida o‘tkazilgan shoshilinch majlisda Xalqaro jinoiy sudga a’zo davlatlar jinsiy tegajog‘lik ayblovlari bilan bog‘liq intizomiy surishtiruvdan so‘ng prokuror Karim Xonni ishdan bo‘shatgan.
2021 yilda a’zo davlatlar tomonidan sud prokurori lavozimiga to‘qqiz yillik muddatga saylangan Xonni lavozimidan chetlashtirish haqidagi qaror 125 ta a’zo davlat o‘rtasida o‘tkazilgan yopiq ovoz berish chog‘ida ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan.
“Assambleya 82 ta a’zo davlatning ko‘pchilik ovozi bilan prokuror Karim Xon jiddiy qilmish va o‘z majburiyatlarini jiddiy ravishda buzish sodir etgan degan qarorga keldi... va uni lavozimidan chetlashtirdi”, deb e’lon qilgan Assambleya raisi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Karim Xonga qarshi nojo‘ya xatti-harakatlar bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan edi. 2024 yil noyabr oyida Xalqaro jinoiy sud BMTning Ichki nazorat xizmati tomonidan tashqi tergov o‘tkazilishini so‘ragan edi. 2025 yil may oyida Xonning lavozimidan vaqtincha chetlashtirilgani e’lon qilindi.
BMT bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga ega bo‘lgan Xalqaro jinoiy sud so‘nggi yillarda bir qator shov-shuvli hibsga olish orderlarini, jumladan, 2023 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni va 2024 yilda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olishga order bergan edi. Yaqin orada Xalqaro jinoiy sud Assambleyasi yangi prokurorni saylashi kerak bo‘ladi.
Live
Barchasi