Jinoyat ishlarini sudda ko‘rish bo‘yicha bir qator o‘zgarishlar yuz beradi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik. 

Ushbu farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazining jinoyat ishlarini sudda ko‘rishni yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilmoqda: 

  • agar sud tergovi vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qo‘yilmagan jinoyatni sodir etganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqi ish bo‘yicha barcha taraflarga beriladi;
  • agar sud tergovi vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, ushbu shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslarni aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqi ish bo‘yicha barcha taraflarga beriladi;
  • shaxsga e’lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida ko‘rilayotganligidan qat’i nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga o‘zgartirilgan hollarda yarashuv institutini qo‘llash tartibi joriy qilinadi;
  • sudlanuvchining jinoyat sodir etilishiga daxli bo‘lmaganligi asosi bilan oqlov hukmi chiqarilgan hollarda jinoyatni haqiqatda sodir etgan shaxsni aniqlash va ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun jinoyat ishini prokurorga yuborish tartibi o‘rnatiladi.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda yuqori nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishi belgilandi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni Sud

Baholaganlar

46

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing