264 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi
Jamiyat
−
18:08 674 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida 264 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. Bu haqda “Axborot” dasturida xabar berildi.
Qayd etilishicha, fuqarolik olganlar orasida O‘zbekistonda yillar davomida yashab, mehnat qilib, oila qurgan, biroq fuqaroligi bo‘lmagani sababli ayrim huquq va imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmagan shaxslar ham bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda qariyb 26 ming nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan. Fuqarolikni tan olish instituti joriy etilgach esa 60 mingdan ortiq shaxs O‘zbekiston fuqarosi deb tan olingan.
Prezident farmoni bilan fuqarolikka qabul qilingan 264 nafar shaxsning 90 nafari Surxondaryo, 47 nafari Toshkent viloyati, 39 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 38 nafari Sirdaryo va 15 nafari Samarqand viloyatida istiqomat qiladi. Buxoro viloyatida esa so‘nggi 10 yil davomida 1 501 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.
Suhbatlarda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yillar davomida saylovlarda qatnasha olmagani, davlat ishlariga kira olmagani yoki chet elga chiqishda qiyinchiliklarga duch kelganini aytgan. Ayrimlari esa yaqin qarindoshlarining vafoti yoki to‘y-marosimlariga hujjatlari sabab bora olmaganini ta’kidlagan.
Endilikda ular O‘zbekiston fuqarosi sifatida qonunda belgilangan huquqlardan to‘laqonli foydalanish, saylovlarda ishtirok etish hamda davlat bilan huquqiy munosabatlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur tashabbus mamlakatda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini belgilash hamda jamiyatda teng imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan siyosatning navbatdagi amaliy natijasi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev an’anaga ko‘ra, Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgan edi.