Jiddiy signal: Rossiya O‘zbekiston bilan gaz bo‘yicha 15 yillik shartnoma tuzmoqchi

Jamiyat

image

Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi gaz sohasidagi hamkorlik 15 yilni tashkil etadi, uzoq muddatli hamkorlik shartnomasi 2024 yil o‘rtalarida tuzilishi mumkin. Bu haqda “Gazprom” rahbari Aleksey Miller bugun, 1 noyabr kuni Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida aytib o‘tdi, deb yozmoqda TASS. 

“Biz hamkorligimiz uchun uzoq muddatli shartnoma asosini yaratmoqdamiz, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik ufqini — 15 yilni belgilab oldik. Forumda bo‘lib o‘tgan va bo‘lib o‘tadigan uchrashuv va muzokaralar Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan 2024 yilning o‘rtalariga qadar kelgusi 15 yilga hamkorlik qilish uchun qonuniy kuchga ega bo‘lgan shartnomaviy asos yaratish maqsadida joriy davrda memorandumlar imzolashga qaratilgan”, deydi u. 

Millerning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatlar iqtisodiyoti yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda, tomonlar Rossiya gazini yetkazib berishni yanada kengaytirish, Markaziy Osiyo – Markaz gaz quvurlari tizimi orqali Qozog‘istonda gaz tashish quvvatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda. Bu nafaqat tranzit quvvatlariga, balki ushbu mamlakatlardagi iste’molchilarga Rossiya gazini yetkazib berishga ham tegishli.

Eslatib o‘tamiz, Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi doirasida Rossiyaning “Gazprom” ochiq aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida energetika kompleksi sohasida hamkorlik bo‘yicha strategik memorandum imzolandi. Hujjatni “Gazprom” rahbari Aleksey Miller va O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov imzolagan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 7  oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishga start bergan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib oladigan bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

gaz Gazprom Gaz ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made