“JCH yo‘lida qo‘shnilar bilan jang”. Bugun O‘zbekiston muhim ochkolar uchun maydonga tushadi

Sport

image

Bugun jahon futbolida FIFA kunlari doirasida terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarga start beriladi. Yevropada jamoalar Millatlar ligasida maydonga tushsa, Osiyo terma jamoalar Jahon chempionati-2026 turniri 3-saralash bosqichi doirasida 7-tur bahslarini o‘tkazadi. Bugungi kun tartibida o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari uchun eng muhim o‘yin O‘zbekiston-Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv.

Ikkala jamoaning imkoniyatlari

Dastlab, bugun mehmon sifatida maydonga tushadigan Qirg‘iziston terma jamoasining 3-saralash bosqichidagi imkoniyatlari haqida to‘xtalsak. Qirg‘izlar 6 ta turdan keyin 1 g‘alaba va 5 mag‘lubiyat qayd etib, 3 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinni band etgan. Matematik jihatdan Qirg‘iziston termasida ham mundialga chiqish uchun imkoniyat bor. Buning uchun ular  oldindagi o‘yinlarda ijobiy natijalar qayd etishi lozim. 

O‘zbekiston terma jamoasi esa bu siklda har doimgidanda yaxshi imkoniyatga ega Jahon chempionatiga chiqish uchun. 6 tur yakuniga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta g‘alaba, 1 ta durang va 1 mag‘lubiyat bilan 13 ochko jamg‘argan holda 2-o‘rinni band etgan. Izma-iz ta’qib qilib kelayotgan BAA termasida esa 10 ochko bilan 3-o‘rinda kelmoqda. Ushbu turda O‘zbekiston o‘z uyida Qirg‘izistonni qabul qiladi va Eron ham o‘z uyida BAA bilan bahs olib boradi. O‘zbekiston g‘alaba qozonsa, 16 ochkoga ega bo‘ladi va Eron ham BAAni mag‘lub etadigan bo‘lsa, 19 ochko bilan yakkapeshqadamga aylanadi va 25 mart kuni O‘zbekistonga qarshi bahsdagi durang natija ham eronliklarni mundialga muddatidan avval olib chiqadi. BAAning mag‘lubiyati esa O‘zbekistonga qulay bo‘ladi. Sababi, agar O‘zbekiston Qirg‘izistonni mag‘lub etsa, oradagi farq 6 tani tashkil etadi va BAAni ancha ortda qoldiradi.

Dastlabki o‘yin va xulosalar

O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari birinchi davrada 2024 yilning 10 sentyabrida to‘qnash kelgan va o‘shanda 3:2 hisobida O‘zbekiston termasi g‘alaba qozongandi. Ushbu bahsda Qirg‘iz Respublikasi ham anchagina qarshilik ko‘rsatgani ko‘pchilikning yodida. Jamoa hujumchisi Joyel Kojo va yarim himoyachisi Odiljon Abdurahmonov gol urishga muvaffaq bo‘lgan edi. O‘zbekiston safida esa Eldor Shomurodov, Husniddin Aliqulov va Oston O‘runov terma jamoasiga g‘alaba olib kelgan. Ilk o‘yindagi xulosalardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Qirg‘iziston terma jamoasi bugungi Toshkentda bo‘lib o‘tadigan o‘yinda ham yaxshigina qarshilik ko‘rsatish imkoniga ega. 

O‘zbekiston MTJdagi yo‘qotishlar

O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida bugungi o‘yinni jarohat sabab bir nechta futbolchilar o‘tkazib yuboradi. Dastlab, Turkiya chempionati doirasidagi o‘yinda jarohat orttirib olgan terma jamoaning muhim markaziy himoyachilaridan biri Husniddin Aliqulov, o‘yinga bir kun qolganida qanot himoyachisi Sherzod Nasrullayevning ham jarohat sabab bahsni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi. Terma jamoa ustozi Temur Kapadze Aliqulovning o‘rniga “Nasaf” futbolchisi G‘olib G‘aybullayevni yig‘inga chaqirdi. Shuningdek, jarohatidan forig‘ bo‘lishga ulgurmagan Oston O‘runov ham bugungi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin. Shu sababdan “Al Vahda” vingeri Xojmat Erkinov jamoaga chaqirildi. Bunday yo‘qotishlar o‘yin sifatiga ta’sir qilish qilmasligi esa uchrashuv davomida ayon bo‘ladi. Kapadzening topqirligi mana shu bahsda ham yana bir bor sinaladi.

Taxminiy tarkiblar 

Ushbu o‘yin oldidan bir qancha nashrlar o‘zining taxminiy tarkiblarini e’lon qildi. QALAMPIR.UZ talqini bo‘yicha taxminiy tarkib esa quyidagicha ko‘rinish olgan.

O‘zbekiston: O‘tkir Yusupov, Abdulla Abdullayev, Abduqodir Husanov, Rustam Ashurmatov, Farrux Sayfiyev, Xojiakbar Alijonov, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Jaloliddin Masharipov, Abbos Fayzullayev, Eldor Shomurodov.

Qirg‘iziston: Tokotayev, Mishchenko, Brauzman, Kozubayev, Kichin, Kenjebayev, Abdurahmonov, Zaripbekov, Shukurov, Jirg‘albek Uulu, Kojo.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalaridagi o‘yin bugun, 20 mart kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Qirg'iziston Jahon chempionati-2026

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing