Jazoir BAA bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Olam

image

Jazoir Birlashgan Arab Amirliklari bilan diplomatik aloqalarni uzganini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Jazoir Tashqi ishlar vazirligi Abu-Dabini “provokatsion va dushmanona” harakatlarda ayblagan, biroq munosabatlarni uzishga olib kelgan aniq hodisalarni ochiqlamagan. Vazirlik ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishning barcha imkoniyatlari tugaganini bildirgan.

Qarorga ko‘ra, BAAning Jazoirdagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan va unga mamlakatni tark etish uchun 48 soat berilgan.

Jazoir, shuningdek, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolik va harbiy samolyotlar uchun o‘z havo hududini yopishini ma’lum qilgan. Biroq BAAning Jazoirga amalga oshiradigan tijoriy reyslari 2026 yil oxirigacha istisno qilinadi. Amaldagi kelishuv muddati tugagach, bu reyslarga ham taqiq joriy etilishi kutilmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda tobora keskinlashib kelayotgan edi. Jazoir ommaviy axborot vositalari BAAni mintaqada beqarorlikni kuchaytirishga urinishda ayblab kelgan.

Tomonlar bir qator mintaqaviy masalalarda ham qarama-qarshi pozitsiyada. Jazoir Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga qarshi bo‘lsa, BAA 2020 yilda Isroil bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan. Shuningdek, G‘arbiy Sahro masalasida ham ikki davlatning pozitsiyalari bir-biridan farq qiladi: BAA Marokashning hudud ustidan suverenitet da’vosini qo‘llab-quvvatlaydi, Jazoir esa Polisario fronti tarafdori hisoblanadi.

Bundan tashqari, ikki davlatning Saxel mintaqasidagi manfaatlari ham tobora ko‘proq to‘qnash kelayotgan. Jazoir rahbari Abdelmajid Tebbun o‘tgan yili Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatlar yaxshi ekanini aytib, faqat bir davlatni istisno qilgan va uni Jazoirning ichki ishlariga aralashishda hamda mamlakatni beqarorlashtirishga urinishda ayblagan edi. Uning gapi BAAga ishora sifatida baholangan.

BAA Tashqi ishlar vazirligi esa Jazoir qaroridan keyin munosabatlar uzilishi vaqtinchalik bo‘lishiga umid bildirdi. Abu-Dabi ikki xalq o‘rtasidagi “birodarlik aloqalari” va umumiy manfaatlarni saqlab qolish muhimligini ta’kidlagan.

BAA Prezidentining diplomatik maslahatchisi Anvar Gargash ham diplomatik munosabatlar “aqlli yondashuv, muloqot va manfaatlarning aniqligi” asosida qurilishi kerakligini aytgan. Biroq u o‘z bayonotida Jazoirni bevosita tilga olmagan.

Jazoir joriy yil fevral oyida BAA bilan 2013 yilda imzolangan havo qatnovlari to‘g‘risidagi kelishuvni bekor qilish jarayonini ham boshlagan edi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik ziddiyatning yana bir belgisi bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing