PFL Jasur Jaloliddinov transferi bo‘yicha ish ochmoqchi
Sport
−
18 avgust 2020
9121O‘zbekiston Professonal futbol ligasi Jasur Jaloliddinov transferi bo‘yicha ish ochishni so‘rab O‘FAga murojaat qildi.
Tashkilotni bir qator masalalar shubhalantirmoqda. Bu haqda O‘zPFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev ma’lum qildi.
Xususan:
• TMS (Transferlarni taqqoslash tizimi)ga Jaloliddinov ishi bo‘yicha kelishuv bitimi emas, futbolchi va “Bunyodkor” o‘rtasida shartnomani bekor qilish bo‘yicha bitim joylashtirilgan. Ya’ni, futbolchi bilan shartnoma avval bekor qilinib, u erkin agentga aylantirilgan. Nega?
• Jaloliddinov bilan shartnoma bekor qilingan bo‘lsa, bitim birinchi navbatda O‘zPFLga taqdim etilishi kerak bo‘lgan. Ammo O‘zPFL bundan bexabar, “Lokomotiv” esa hujjatni allaqachon qo‘lga kiritgan. Nega?
• Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jaloliddinov transferi borasida axborot berishni so‘rab, ikki marta “Bunyodkor”ga murojaat qilgan, ammo ish pishmaguniga qadar “Bunyodkor” javob xatini paysalga solgan. Nega?
• Jaloliddinovga Turkiyadan 400 ming yevrolik taklif turganda, nega u erkin agentga aylantirilib, keyin “Lokomotiv”ga yo‘naltirilgan?
Imomxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, “Lokomotiv”ning TMS so‘roviga ikki hafta ichida javob qaytarilmasa, FIFA o‘z-o‘zidan futbolchi manfaati uchun qaror chiqarib beradi. Doston Hamdamov ishida ham shunday bo‘lgan. Ko‘rinishidan, ishni ikki hafta cho‘zib turish kimgadir kerak bo‘lgan. Ammo klubda rahbariyat almashishi, katta ehtimol bilan o‘sha rejalarni buzgan.
“Bu boradagi savollar o‘rinsiz bo‘lib, balki hammasi reglament asosida amalga oshirilgan, shubhaga o‘rin yo‘qdir... Biroq endi buni isbotlab berish kerak bo‘ladi. TMS so‘roviga javob qaytarish uchun esa O‘FAda 10 kundan ortiq vaqt bor. De fakto Jaloliddinov “Lokomotiv” libosini kiyib ulgurgan bo‘lsa-da, de yure O‘zPFL uchun futbolchi hali-hamon “Bunyodkor” vakili hisoblanadi. Bunda albatta futbolchi va klub 2021 yilning apreliga qadar davom etishi kerak bo‘lgan shartnomani bekor qilib ulgurganini ham unutmaslik kerak. Bu birlamchi hujjat hisoblanadi” degan Diyor Imomxo‘jayev o‘z xabarida.
Ma’lumot uchun, 29 iyul kuni “Bunyodkor” a’zosi Jasur Jaloliddinov Moskvaning “Lokomotiv” klubiga ko‘chib o‘tgandi. 18 yoshli yarim himoyachi rus klubi bilan 5 yillik shartnomaga imzo qo‘ygan.
LiveBarchasi