Jasur Umirovni zo‘rlashda ayblab, qamatgan qizga nega chora ko‘rilmayapti? IIV va prokuratura nega jim?
Tahlil
−
02 iyun 2021
102356O‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon xonanda Jasur Umirov bilan bog‘liq sud ishi jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Da’vogar Shahzoda Mo‘minova sudgacha ommaviy axborot vositalari orqali qilgan chiqishlarida va dastlabki tergov davomida Jasur Umirov tomonidan zo‘rlanganini iddao qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay xonanda sud qarori bilan ozodlikdan mahrum etildi. Barcha voqealardan keyin Shahzoda Mo‘minova QALAMPIR.UZ’ga intervyu berib, hammasi o‘zining roziligi bilan bo‘lgani, Jasur Umirov uni zo‘rlamaganini, xonandaga tuhmat qilganini tan oldi.
Intervyu e’lon qilinganidan uch haftadan ortiq vaqt o‘tsa hamki, unga yolg‘on guvohlik bergani yoki tuhmat uchun chora ko‘rilgani yo‘q.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega ushbu holatga ichki ishlar va prokuratura organlari o‘z munosabatini bildirib, adolatni tiklash uchun kerakli choralarni ko‘rmayapti? Biz bo‘lib o‘tgan voqealarga huquqiy baho berishga harakat qilib ko‘rdik.
“Jasur Umirov ishi” xronologiyasi
QALAMPIR.UZ’ga berilgan intervyugacha o‘zini jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatib kelgan Shahzoda Mo‘minova xonanda Jasur Umirov uning nomusiga tekkanini aytib 2020 yil 15 iyun kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani IIBga murojaat qilgan. Tergov boshqarmasi tomonidan Jasur Umirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Kattaqo‘rg‘on tuman ichki ishlar organi yuz bergan holatda biron-bir shaxsning harakatida jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqidagi asos bilan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilgan. Shahzoda Mo‘minova advokati M.Rustamova bilan viloyat prokuraturasiga murojaat etib, Jasur Umirovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi tergov harakatlaridan noroziligini bayon etgan.
Murojaat Samarqand viloyat prokurori R.Masharipov rahbarligida ariza muallifi Shahzoda Mo‘minovaning advokati M.Rustamova, viloyat prokuraturasi va IIB mas’ullari ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqilgan. Murojaat 2020 yilning 18 dekabr sanasi bilan qabul qilinib, jinoyat ishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani va qonuniy qaror qabul qilinishi ta’kidlangan.
Shundan so‘ng, ishda to‘plangan dalillar asosida Jasur Umirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, sudning o‘tgan yil 21 dekabrdagi ajrimiga asosan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov davomida Jasur Umirovning aybi maqbul dalillar bilan to‘liq tasdiqlangani bois u Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) 1-qismi talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘rib chiqilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining joriy yilning 2 fevraldagi hukmiga ko‘ra, Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, A.Z. Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
Sh.Q. Jinoyat kodeksining 238-moddasi 1-qismi va 241-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
IIV nega jim?
Dastlab Shahzoda Mo‘minova o‘zini jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatib, xonanda Jasur Umirov zo‘rlaganini aytgan bo‘lsa, keyinchalik tergov yakunida va sud jarayonida birdan gaplaridan tonib, Jasur Umirovga tuhmat qilganini tan olgan. Qolaversa, qiz QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida ham otasidan qo‘rqqani va xonanda unga bergan va’dasini bajarmay, uylanishni paysalga solgani uchun tergovda yolg‘on ko‘rsatma bergani, o‘z xohishiga ko‘ra u bilan birga bo‘lgani, hozirda da’vosi yo‘qligini aytgan. Umirovga nisbatan tuhmatga yaqin qarindoshlarini ham sherik qilganini tan olgan.
Ushbu intervyu QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingach, jamoatchilik orasida turli savollar tug‘ila boshladi: nega Shahzoda Mo‘minova yolg‘on ko‘rsatma berib, beayb odamga tuhmat qilganini tan olsa ham unga nisbatan chora ko‘rilmayapti? Nega tuhmat qurboni bo‘lgan shaxs hamon panjara ortida o‘tiribdi? Demak, zo‘rlash ayblovi bilan hibsga olinayotganlarning hammasi ham chindan aybdor emas ekan-da?!
Darhaqiqat, bir shaxs boshqa bir shaxs ustidan ochiqdan-ochiq tuhmat qilib, keyinchalik bu qilmishi uchun javobgar bo‘lmasligi bunday turdagi jinoyatlarning oshishiga, qamoqxonalar esa beayb odamlarga to‘lishiga olib keladi.
Masalaga qanday huquqiy baho berish kerak?
Ushbu holatga huquqiy baho beradigan bo‘lsak, qonunchilikda yolg‘on guvohlik berganlik uchun javobgarlik belgilan. Jinoyat kodeksining 238-moddasiga ko‘ra, “Yolg‘on guvohlik berish, ya’ni surishtiruv olib borish, dastlabki tergov chog‘ida yoki sudda guvohning yoki jabrlanuvchining bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun shaxs uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Bundan tashqari, Shahzoda Mo‘minova dastlabki tergovda va ommaviy axborot vositalari orqali qilgan bir necha chiqishlarida yolg‘on ko‘rsatma berib, Jasur Umirovga tuhmat qilib, o‘zining xonanda tomonidan zo‘rlanganini aytgan. Bu esa Jinoyat kodeksining 139-moddasi – “tuhmat” bilan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Ushbu moddaga ko‘ra:
Tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
a) og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab;
b) og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda;
v) xavfli retsidivist tomonidan;
g) g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Mo‘minovaning o‘zini ayblashga shuncha asoslar yetarli bo‘lib turganda ichki ishlar idoralari nega jim? Holbuki qo‘limizda asos bor. U tuhmat qilganini tan olib, intervyu bergan.
Lavozimidan ozod etilgan IIB xodimi nega ishiga tiklanmayapti?
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, nomusga tegish Jinoyat kodeksining o‘ta og‘ir jinoyatlar tarkibiga kiradi. Uning sanksiyalari ham juda og‘ir, holatga qarab ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan, yaqin qarindoshiga nisbatan, ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan nomusga tegish jinoyati sodir etilsa, 3 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Shuning uchun bir shaxsni ushbu jinoyat bilan ayblashdan oldin yetti marta o‘lchash zarur.
Oxirgi vaqtlarda nomusga tegish jinoyati tez-tez kun tartibiga chiqib turibdi. Ba’zilari ushbu jinoyatdan haqiqatan ham jabr ko‘rgan bo‘lsa, ko‘pchilik ushbu jinoyat turidan boshqa birovni osongina ayblash, moddiy manfaatdorlik va o‘zining qabih maqsadiga yetishda foydalanmoqda. Oqibatda esa beayb odamlar panjara ortiga kirmoqda. Adolat so‘ziga ham, uning amaldagi ifodasiga ham ishonch yo‘qolmoqda.
Masalaga jiddiy e’tibor qaratsak, dastlabki tergov jarayonlarida Kattaqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari Shahzoda Mo‘minovaning murojaatini ko‘rib chiqib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishga yetarli asoslar yo‘qligi bois ishni rad etganini ko‘ramiz. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay ishga prokuratura aralashdi, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va viloyat prokurorining shaxsan o‘zi ushbu ishni nazoratga oldi. Ikki o‘rtada Jinoyat ishi ochishni rad etgan tergovchi ustidan tekshiruv boshlandi, Umirov qamoqqa kirdi. Xo‘sh, bu kimning xatosi? Tuhmatni vaqtida payqagan IIB xodimi qayerda xato qildiki, adolatni tiklashga qilgan harakatlari jazolash bilan “rag‘batlantirildi”.
O‘sha vaqtlarda “Jasur Umirov ishi” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad yetgan IIB tergovchisining harakatlari prokuratura tomonidan o‘rganilayotgani haqida ma’lumot berilgandi. Va oxir-oqibat mazkur holatda idoraviy nazoratni yetarli darajada ta’minlamagan Kattaqo‘rgon tumani IIB tergov bo‘limi boshlig‘iga hayfsan, tuman IIB boshlig‘iga tanbeh intizomiy jazosi va viloyat IIB tergov bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosariga esa lavozimidan ozod etish jazosi qo‘llanildi. Bir qizning yolg‘oni evaziga uch nafar mansabdor shaxs jabr ko‘rgan. Biroq, shu kungacha lavozimidan ozod etilgan xodim o‘z ishiga qayta tiklangani yo‘q. Qo‘llanilgan choralar qaytarib olinmadi va ko‘rilgan ma’naviy zarar qoplanmadi.
Shahzoda Mo‘minovaning QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusidan so‘ng yuqorida aytib o‘tilgan IIB mansobdor shaxslariga qo‘llanilgan intizomiy jazo chorasi bekor bo‘lishi va o‘z mansabidan ozod etilgan IIB tergov bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari ishiga tiklanishi zarur. Shuningdek, bir shaxsni jamyaitda obro‘sizlantirib, uning qamalishiga olib kelgan tuhmatga bosh-qosh bo‘lgan Mo‘minovaga qonuniy chora ko‘rilishi kerak.
LiveBarchasi