Jasur Umirov ishi: Advokat sudning qaroridan rozimi?
Intervyu
−
11 iyun 2021
23549O‘tgan yilning oktyabr oyida xonanda Jasur Umirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Xonanda voyaga yetmagan Sh.M.ning nomusiga tegishda ayblandi va 2020 yilning 21 dekabr kuni unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
2 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Avvaliga zo‘rlanganini iddao qilgan Shahzoda Mo‘minova, oradan ko‘p o‘tmay Jasur Umirovga tuhmat qilganini tan oldi. U bu haqda QALAMPIR.UZ’ga intervyu bergandi. Ushbu intervyu va jurnalistik surishtiruv e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 10 iyun kuni xonanda Jasur Umirov ozodlikka chiqdi. To‘g‘rirog‘i, sud tomonidan unga nisbatan belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosi bilan o‘zgartirildi.
QALAMPIR.UZ surishtiruvlarini davom ettirgan holatda Jasur Umirovning advokati Siyovush Rahmatovni suhbatga chorladi. Ushbu suhbatni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. Quyida esa suhbatning matnli talqini bilan tanishasiz.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — 1 may kuni siz boshchiligingizda xonanda Jasur Umirovning otasi va zo‘rlanganini iddao qilgan Shahzoda Mo‘minova QALAMPIR.UZ’ga intervyu bergandi. Aynan o‘sha intervyudan keyin nimalar o‘zgardi?
Siyovush Rahmatov, advokat: — Intervyu bergan paytimiz biz Oliy Sudga kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilgandik. Shahzoda Mo‘minova intervyu jarayonida aytgan har bir gapini sid jarayonida ham aytdi. Ya’ni, unga hech qanday bosim o‘tkazilmaganini, barchasi ikki tomonning roziligi bilan amalga oshirilganini, tergov jarayonlarida esa otasidan qo‘rqqani uchun “meni zo‘rladi” deb aytganini va Jasur Umirov unga uylanmasligidan qo‘rqib, shunday ko‘rsatma berganini tan oldi. Bu esa Jasur Umirovga tuhmat qilganini yaqqol ko‘rsatib berdi. Shundan so‘ng, ikki marta sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisida holat atroflicha o‘rganildi. Va o‘z-o‘zidan sudyalar tomonidan unga e’tiroz bildirildi. Unga to‘g‘ri qilmagani, qonunchilikda bu kabi vaziyatlarda javobgarlik belgilanishi tushuntirildi. QALAMPIR.UZ ham nega ichki ishlar va prokuratura jim turganligini yoritib o‘tdi. Lekin, bugungi kunda Shahzoda Mo‘minova qayergadir chaqirilib, so‘roq qilinayotganidan xabarim yo‘q. Bu haqida uning o‘zi ham hech narsa demadi.
Shahzoda Mo‘minova o‘sha paytda voyaga yetmagan bo‘lgan. Bizning qonunchiligimizda voyaga yetmaganlar uchun yengilliklar bor. Tuhmat qilish ijtimoiy xavf bo‘lmagan jinoyat turiga kirgani uchun balki ichki ishlar va prokuratura bunga ko‘z yumayotgan bo‘lishi mumkin. Men bunga baho berishdan yiroqman.
Shahzoda Mo‘minovaning QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusidan keyin ommaga asl holat ma’lum bo‘ldi va sud Jasur Umirovga tayinlangan jazoni ozodlikdan cheklash jazosiga almashtirdi. Bu ikkala jazo maqomi bir xil. Faqat uni ijro etish tartib va tamoyillari sal farq qiladi. Bu jazo bo‘yicha biz hali Oliy sud ajrimini olmadik. Odatda kunning tun qismida, ya’ni 22:00dan ertalabki soat 06:00 gacha mobil telefon, internet vositalaridan foydalanish taqiqlanishi mumkin. Ko‘ngilochar joylarga, ommaviy tadbirlarda ishtirok etishi taqiqlanadi. O‘sha vaqt davomida uydan chiqmaslik belgilanadi. Kunduzi, ya’ni ertalab soat 6:00 dan kechki 22:00 gacha o‘zi yashayotgan hududda shaxsiy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi mumkin. Cheklov kunning tun qismida bo‘ladi. Kun qismida ham cheklov mavjud va bu sudning ajrimida aniq ko‘rsatiladi. Buni biz ajrimni qo‘limizga olgandan keyin batafsil ma’lumot beramiz. Ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shunisi bilan farq qiladi. Ozodlikdan mahrum qilish belgilangan qattiq tartibli koloniyalarda o‘taladi, ozodlikdan cheklash esa doimiy yashash manzilida, ichki ishlar organlarining nazorati ostida o‘taladi.
F.N.: — Shunga o‘xshash hodisalar ro‘y bersa, tahririyatga “buni chiqarmanglar, odamlardan uyalamiz”, deb murojaat qilishadi. Bu jarayonda OAV qanchalik sizlarning yoningizda tura oldi?
S.R.: — Qaysidir medianing noto‘g‘ri talqini oqibatida bugun mana shunday xunuk vaziyatlar kelib chiqdi. Aslida tuhmat bo‘lgan holatni bo‘rttirib ko‘rsatilishi oqibatida xonandaga nisbatan butun xalqning fikri o‘zgardi. OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda unga qarshi salbiy fikrlar bildirildi. Mana, QALAMPIR.UZ haqiqatni yoritgnidan keyin, xalqning fikri ijobiy tomonga o‘zgardi.
Jazo turi o‘zgartirildi. Buni ham bir ijobiy natija, desak bo‘ladi. Jazoni uyda o‘tash bilan koloniyada o‘tashning farqi katta.
F.N.: — Shahzoda Mo‘minova OAV orqali tuhmat qilganini tan olganidan keyin tergov jarayonlari qanchalik tezlashdi?
S.R.: — Jinoyat protsessual kodeksi bo‘yicha kassatsiya tartibi bo‘yicha qilingan shikoyat ko‘rib chiqiladi. Buni alohida ajratib ko‘rildi, desak menimcha xalqimizda ham sal g‘alati tushuncha hosil bo‘ladi. Ya’ni, “bu xonanda ekan, uning ishini tez ko‘rarkan, biz oddiy xalq ekanmiz”, degan tushuncha paydo bo‘lishi mumkin. Murojaat qilganimizdan keyin ishni ko‘rish muddati tayinlandi. Tezlashtirish yoki qandaydir imtiyozli holatlar bo‘lgani yo‘q. Aytishim mukinki, QALAMPIR.UZ’da chiqqan intervyudan keyin haqiqat yoritib berildi va buning uchun sizlarga rahmat deymiz. Shundan keyin xalqning va ishni ko‘rgan sudyalarning fikri o‘zgardi, degan taxmindaman. Ular ham guvoh bo‘lishdiki, QALAMPIR.UZ nimanidir oshirib yoki bo‘rttirib ko‘rsatgani yo‘q.
F.N.: — Yuqorida Shahzoda Mo‘minovaga nisbatan chora ko‘rib-ko‘rilmagani haqida aytib o‘tdingiz. Bu kabi vaziyatlarda qonunchilikda nimalar belgilangan?
S.R.: — Qonunchilikda shaxsga nisbatan tuhmat qilgan kishiga nisbatan javobgarlik belgilangan. U jinoyatning sub’ekti bo‘la oladimi yoki yo‘q, bunga huquqni muhofaza qiluvchi organlar baho beradi. Chunki bizning qonunchiligimizda har bir jinoyatning tasnifiga ko‘ra, sub’ektning yoshi belgilangan. Shahzoda Mo‘minova o‘sha paytda voyaga yetmagan bo‘lgani uchun unga nisbatan qandaydir yengilliklar bo‘lishi mumkin. Lekin bizda tuhmat uchun javobgarlik muqarrar.
F.N.: — Bizni kuzatayotganlarda bir savol tug‘ilishi mumkin. Qizning tuhmat qilgani isbotlandi, lekin nima uchun Jasur Umirov to‘liq oqlanmadi?
S.R.: — Darhaqiqat, bu masala OAVda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Nega u oqlanmadi? Nega boshqa jazo turiga o‘zgartirildi? Sudning faoliyatiga baho berishga mening huquqim yo‘q. Advokatlik nuqtai nazaridan va jamiyatda belgilangan qonunchilikdan kelib chiqadigan bo‘lsak, barcha sudlar uchun rahbariy ko‘rsatmaga ega bo‘lgan Oliy sud plenum qarori bor. Mazkur qarorda shunday bandlar borki, nomusga tegish belgilari mavjud bo‘lsa ham jabrlanuvchining da’vosi bo‘lmagan taqdirda, unga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi tugatilishi va jazodan ozod qilinishi belgilangan. Jinoyat ishini tugatish bilan shaxsni oqlash tushunchalarida farqi bo‘lib, Jasur Umirov holatida ham u oqlanishi mumkin edi. Sababi, bevosita jabrlanuvchi ixtiyoriylik asosida bo‘lgani va Jasur Umirovga tuhmat qilganini tan olgan.
F.N.: — Bundan keyingi jarayon qanday kechadi? Yana qayta murojaat qilish rejasi bormi?
S.R.: — Ish qonunchilik bo‘yicha kassatsiya tartibida ko‘rilgandan keyin Oliy sud Raisi, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan berilgan protestiga asosan qayta ko‘rilishi mumkin. Bu masalada hali Jasur Umirov bilan bir to‘mtamga kelmadik. 2021 yil 9 iyunda Jazoni ijro etish muassasasidan chiqdi. U biroz o‘ziga kelgach, u bilan bu masalani muhokama qilib, keyin shikoyat berish yoki bermaslik masalasi haqida bir qarorga kelamiz. U mening himoyam ostidagi shaxs bo‘lgani uchun uning fikrisiz mustaqil harakat qilishga haqqim yo‘q.
F.N.: — Ijtimoiy tarmoqlar orqali Jasur Umirov otasi bilan ko‘rishgani “ha, endi uyga ketamiz” degan gaplarini eshitdik. Tan olish kerak, qamoqxona – bu uy emas, uning o‘z qonun-qoidalari, tosh-tarozilari bor. Lekin, Jasur Umirovning holati juda yomon edi. Fikrimcha, oqsab yurayotgandek, judayam ozib ketgan, ko‘rinishi yaxshi emasdi. Uning salomatligi va hozirgi ahvoli haqida ma’lumot bera olasizmi?
S.R.: — Hali Jasur Umirov bilan yuzma-yuz uchrashganim yo‘q. Lekin uning ahvoli yaxshi edi, boshqa mahkumlarga nisbatan qanday muomala bo‘lgan bo‘lsa, unga ham huddi shunday umumiy tartibli muomala qilinayotganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Kechagi holatda esa, balki u siqilganinidan ovqatlanmagan yoki qandaydir jismoniy mashqlar bilan shug‘ullangan bo‘lishi mumkin. Aytganingizdek, bu o‘z nomi bilan jozoni ijro etish koloniyasi va bevosita sud tomonidan hukm qilingan shaxsni tarbiyalash bilan shug‘ullanadi. Ya’ni, u yerda mahhum ertalab 06:00 da turadi, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanadi, ovqatlanadi va undan keyin biror ish bilan band bo‘ladi, ya’ni erkinlik yo‘q. Nomi bilan ozodlikdan mahrum qilish, erkinlik cheklangan. Shu bois u ozgina ozgan bo‘lishi mumkin. Lekin hozircha Jasur Umirovning salomatligi bilan bog‘liq hech qanday shikoyati yo‘q.
F.N.: — Yodingizda bo‘lsa, bundan avval Jasur Umirovga nisbatan jinoiy ish ochish bo‘yicha murojaat holatda jinoyat belgilari aniqlanmagani uchun rad etilgan edi. Va ushbu jinoyat ishini ochishni rad etgan Ichki ishlar organlarining ikki nafar xodimi hayfsan oldi. Bir nafar xodim lavozimidan ozod etildi. Oradan vaqt o‘tib, Umirovga tuhmat qilingani va haqiqatan ham o‘sha vaqtda ichki ishlar organi xodimlari jinoyat ishi ochishni rad etib, to‘g‘ri qilgani ayon bo‘ldi. Endi esa Ichki ishlar vazirligi ham, ishni o‘z nazoratiga olgan viloyat prokuraturasi ham jim. Nega ularga qo‘llanilgan hayfsan olib tashlanmapyapti, bo‘shatilgan xodim nega lavozimiga tiklanmayapti?
S.R.: — Ichki ishlar idoralari – bu bitta tizim, bu bitta korxona, ya’ni jamiyat va davlatda jamoat tartibini saqlovchi tashkilot hisoblanadi. Uning faoliyatiga, ichki hayotiga aralasha olmaymiz. Agar xodim haqiqatan haqiqatan xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, unga nisbatan qonunda belgilangan intizomiy chora – hayfsan yoki egallab turgan lavozimidan ozod qilish jazosi belgilangan bo‘lishi mukin. Agar haqiqatan ham Shaxzoda Mo‘minovaning xatti-harakati oqibatida noto‘g‘ri jazo berilgan bo‘lsa, ularni kechirish mumkin.
LiveBarchasi