Tuhmat bilan qamalgan Jasur Umirov QALAMPIR.UZ surishtiruvidan so‘ng ozodlikka chiqdi
Jamiyat
−
10 iyun 2021
51239Voyaga yetmagan qizni zo‘rlashda aybdor deb topilib, 5 yil muddatga qamalgan xonanda Jasur Umirov ozodlikka chiqarildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Jamshid Sultonov ma’lum qildi.
Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, kecha, 9 iyun kuni Jasur Umirovga tayinlangan “ozodlikdan mahrum qilish” jazosi “ozodlikdan cheklash” jazosiga o‘zgartirilgan.
Endilikda u jazoni koloniyada o‘tamaydi. Biroq kunning ma’lum vaqtida ko‘chaga chiqishi mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida xonanda Jasur Umirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. 2 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Barcha voqealardan keyin xonandani tajovuzda ayblagan Shahzoda Mo‘minova QALAMPIR.UZ’ga intervyu berib, hammasi o‘zining roziligi bilan bo‘lgani, Jasur Umirov uni zo‘rlamaganini, xonandaga tuhmat qilganini tan oldi.
Intervyu e’lon qilinganidan uch haftadan ortiq vaqt o‘tsa hamki, unga yolg‘on guvohlik bergani yoki tuhmat uchun chora ko‘rilgani yo‘q.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega ushbu holatga ichki ishlar va prokuratura organlari o‘z munosabatini bildirib, adolatni tiklash uchun kerakli choralarni ko‘rmayapti?
LiveBarchasi