“Jasorat bilan gapirganlarning hammasi o‘lik”. Tramp Eronni ogohlantirdi
Olam
−
13 iyun 10337 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron o‘zining yadroviy dasturi bo‘yicha shartnoma imzolashi lozimligi, aks holda yanada vayronkor va halokatli harbiy harakatlarga duch kelishini aytdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
“Eronlik ayrim ashaddiy kuch vakillari jasorat bilan gapirdi, lekin ular nima bo‘lishini bilmagan. Ularning barchasi hozir o‘lik. Vaziyat yanada yomonlashadi! Allaqachon ko‘plab o‘lim va vayronagarchilik yuz berdi, biroq bu qon to‘kilishni to‘xtatish uchun hali ham vaqt bor. Ammo rejalashtirilgan navbatdagi hujumlar bundan ham shafqatsiz bo‘ladi”, degan AQSH rahbari.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Eron shartnoma tuzishi kerak, aks holda unda hech narsa qolmaydi.
“Eron bitim tuzishi kerak, aks holda hech narsa qolmaydi. Ular ilgari “Eron imperiyasi” deb tanilgan narsaning qoldiqlarini saqlab qolishlari mumkin”, deya tahdid qilgan Oq uy rahbari.
Uning aytishicha, Eronga ko‘p bor harbiy harakatlar bo‘ladi degan ogohlantirishlar berilgan bo‘lsa-da, ular kelishuvga rozilik bildirmagan. Bu harbiy harakatlar, “ular biladigan, kutadigan yoki eshitgan hamma narsadan ancha yomon bo‘lgan”.
“Men Eronga bir necha bor imkoniyat berdim. Ularga qat’iy tarzda shunday dedim. Shunchaki bajaringlar. Ammo ular qancha urinmasin, qancha yaqinlashmasin, baribir shartnoma tuzishga erisha olmadi”, degan Tramp.
Prezident AQSH harbiy harakatlarda ishtirok etadimi yoki yo‘qmi, aniqlik kiritmagan. Biroq u Isroilni Eronga qarshi foydalanish uchun qurollar bilan ta’minlashda davom etishini ta’kidlagan.
“Isroilda allaqachon ko‘p qurol bor va yanada ko‘payadi. Ular esa bu qurollarni qanday ishlatishni yaxshi biladi”, degan Oq uy rahbari.
AQSH rahbari, shuningdek, Eronda yana bir kichik imkoniyat borligini eslatib o‘tgan.
“Ikki oy avval men Eronga 60 kunlik ultimatum berdim – kelishuv tuzinglar, deb. Ular buni amalga oshirishlari kerak edi! Bugun 61-kun. Men ularga nima qilish kerakligini aytdim, lekin ular bunga erisha olmadi. Endi, ehtimol, ularning yana bir imkoniyati bor”, deya qo‘shimcha qiladi AQSH Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” profilaktik zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.
Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.
Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.
Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.
O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr