Japarov Putindan telefonda gaplashishni so‘radi
Olam
−
11 noyabr 2020
17336Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri – Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sadir Japarov kecha, 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokidagi videoanjumanda ishtirok etib, Rossiya tashkilotning Rossiya raisligidagi faoliyatini, Vladimir Putinning Qirg‘izistonga ko‘rsatgan yordamini alqadi va Putin bilan telefon orqali suhbatlashmoqchiligini aytdi.
U o‘z nutqi avvalida SHHTga raislik vaqtida Rossiya tomoni koronavirus pandemiyasiga qaramay ulkan ishlarni amalga oshirganini ta’kidladi.
Japarov a’zo davlatlarga pandemiya paytida ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirarkan, bunda Rossiya nomini alohida tilga oldi.
“Men Rossiya rahbariyatiga va shaxsan Vladimir Vladimirovich Putinga Qirg‘izistonga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda o‘z vaqtida va muntazam yordam bergani uchun o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman”, deydi Japarov.
Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Respublikasi har doim Yevroosiyo integratsiyasi masalalarida Rossiya Federatsiyasining ishonchli hamkori bo‘lib qoladi.
“Biz davlatlararo, iqtisodiy va madaniy aloqalarimizni rivojlantirish yo‘lini izchil davom ettiramiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida bir qator dolzarb hamkorlik masalalari mavjud. Sizdan ularni telefon orqali suhbatda muhokama qilishni so‘rayman”, deydi Japarov Putinga yuzlanib.
Shuningdek, Japarov Xitoy Xalq Respublikasining dunyoning ko‘plab mamlakatlariga gumanitar, texnik va tibbiy yordam ko‘rsatish orqali koronavirusga qarshi kurashga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etib, infeksiyaga qarshi kurashishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. U shu qatorda SHHTga a’zo davlatlar va kuzatuvchilar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Hindiston va Eron rahbariyatiga ko‘rsatilayotgan gumanitar va tibbiy yordam uchun tashakkur aytdi. “Bizga ko‘rsatilayotgan yordamni juda qadrlaymiz”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tgan parlament saylovlaridan keyin iste’foga chiqqan sobiq Prezident Sooronbay Jeenbekov ham faoliyatining oxirgi davrlarida Rossiyaga bir necha bor minnatdorlik bildirgandi. U joriy yilning 28 sentyabr kuni Sochida bo‘lib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgandi. O‘shanda Jeenbekov Qirg‘iziston Rossiyaning mustahkam yelkalariga suyanishini aytgandi. U Putinni “Qirg‘izistonning samimiy va buyuk do‘sti”, deb atagan edi.
“Qirg‘iziston har doim Rossiyaning baquvvat yelkasini haqiqiy do‘st, ittifoqchi va strategik sherik sifatida his qiladi. Buni, ayniqsa, bu qiyin, og‘ir paytda sezdik. Sizning sharofatingiz bilan biz mamlakatda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldik va sizning sharofatingiz bilan Rossiyada yashovchi fuqarolarimizga yordam ko‘rsatildi”, degan edi Jeenbekov Putin bilan uchrashuvda.
LiveBarchasi