Japarov YeI bilan sanksiyalangan tovarlar bo‘yicha muloqotga tayyor ekanini aytdi

Olam

image

Qirg‘iziston tomoni sanksiyalangan tovarlar guruhi masalasida Yevropa Ittifoqi bilan muloqotni davom ettirishga tayyor. Bu haqda bugun, 2 iyun kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ikkinchi sammitida aytib o‘tdi.

“Biz yevropalik hamkorlarimizning sanksiyalarga duchor bo‘lgan tovarlarning ma’lum bir guruhi bo‘yicha xavotirlari va so‘rovlarini tushunamiz hamda bu borada YeI bilan muloqotni davom ettirishga tayyormiz”, degan Japarov.

Biroq Qirg‘iziston rahbari gap qanday tovarlar va qanday sanksiyalar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. 

Prezident Japarovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yilda Qirg‘iziston va YeI davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 76,1 foizga oshgan va 603,1 million dollarni tashkil etgan, shu bilan birga, eksport hajmi 60,6 foizga, 75,8 million dollarga, import esa 78,6 foizga, 527,3 dollarga yuqorilagan. 

“Yaqin kelajakda biz nafaqat tovar ayirboshlash hajmini oshirish, balki savdo balansini tenglashtirish ustida ishlashga ham intilamiz”, deya takidlagan Japarov.

Ma’lumot uchun, “Markaziy Osiyo-Yevropa” ikkinchi sammitida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari Nurmuhammet Amannepesov va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ishtirok etdi. Bunday formatdagi ilk uchrashuv o‘tgan yilning oktyabr oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan. Kelgusi yilda esa shunday sammit O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq YeI tomonidan Rossiyaga ikki maqsadli texnikalarni qayta eksport qilib, unga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergan davlatlarga nisbatan chora ko‘rilishi aytilgandi. Shu maqsadda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha vakili Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonga keldi. Bundan tashqari, AQSH va Ukraina Qirg‘iziston kompaniyalarini Rossiyaning sanksiyalarni aylanib o‘tishida ko‘maklashgani uchun “qora ro‘yxat”ga kiritdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi “Ohangaron sement” aksiyadorlik jamiyati ham AQSH sanksiyalari ostida qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing