Japarov yana Yevroparlamentga norozilik bildirdi
Olam
−
26 fevral
7486Bugun, 26 yanvar kuni Yevropa parlamenti deputatlari, jumladan, inson huquqlari bo‘yicha quyi qo‘mita raisi Munir Saturi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Yevroparlamentning Qirg‘izistondagi vaziyat bo‘yicha qabul qilgan rezolyutsiyalarida “biryoqlama va sub’ektiv yondashuv yaqqol ko‘zga tashlanayotgani” borasida o‘z xavotirini bildirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
“So‘z erkinligi va inson huquqlarini himoya qilish Qirg‘iziston Respublikasining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Xalqaro hamjamiyatning faol ishtirokchisi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida mamlakatimiz demokratiyani mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash va xalqaro majburiyatlarni bajarish borasida izchil chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Shu munosabat bilan ushbu rezolyutsiyalar tayyorlanayotganida Yevropa tomoni Qirg‘iziston tomonidan tushuntirish yoki qo‘shimcha ma’lumot so‘rab murojaat qilmagani tushunarsiz holatdir”, dedi Japarov.
Munir Saturi esa ochiq muloqotga tayyor ekanini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi strategik hamkorlik muhim vazifa bo‘lib, uchrashuv natijalari ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi.
Inson huquqlari bo‘yicha quyi qo‘mita raisi prezidentni Qirg‘izistonning qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarini hal etgani bilan tabriklab, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini bajarish, jumladan, Venetsiya komissiyasi tavsiyalarini amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etgan.
Shuningdek, Yevroparlament deputatlari Qirg‘izistonda Sotsial-demokratlar partiyasining bir a’zosi hibsga olingani borasida xavotir bildirgan. Uchrashuv davomida huquq-tartibot idoralari rahbarlari deputatlarning barcha savollariga batafsil javob bergani qayd etilgan. Shu bilan birga, ayrim siyosatchilarga oid kichik masalalar ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida to‘siq bo‘lmasligi kerakligi ta’kidlangan.
Munir Saturi ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, hamkorlik muayyan partiyalar masalalari bilan cheklanmasligi lozimligini qayd etgan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining Qirg‘izistondagi muvaqqat vakili Xans Farnhammer mamlakat vazirlik va idoralari Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida katta ishlarni amalga oshirayotganini ta’kidlagan.
Sadir Japarov esa Yevropa Ittifoqi bilan muloqot Qirg‘iziston uchun muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishini aytib, Yevroparlament deputatlaridan respublikadagi holat haqida xolis va har tomonlama axborotni o‘z hamkasblari va Yevropa hamjamiyatiga yetkazishlariga umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Yevropa parlamenti deputatlarini respublika ishlariga aralashmaslikka va mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni haqqoniy baholashga chaqirgan edi. Gap shundaki, Yevropa parlamenti mahalliy hokimiyat organlariga bo‘ladigan saylovlar oldidan saylovchilarni sotib olishda gumon qilinib hibsga olingan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi (QSDP) yetakchisi Temirlan Sultonbekov himoyasiga rezolyutsiya qabul qilgan edi. Sultonbekov qo‘lga olingach, QSDP saylovlarda ishtirok etishdan chetlashtirilgan. Prezidentning fikricha, QSDP a’zolarining xatti-harakatlari jinoyat va bunday holatga ko‘z yumish mumkin emas. Ammo Yevropa rezolyutsiya qabul qilib, ob’ektiv omillarga e’tibor qaratmayapti. Shu bilan birga, Qirg‘iziston rahbari mamlakat Yevropa davlatlari tajribasini o‘rganishga va ular bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini qayd etgan.
LiveBarchasi