Japarov mamlakatda rus tili o‘qituvchilari yetishmayotganidan yozg‘irdi

Olam

image

Qirg‘iziston maktablari, ayniqsa, qishloqlardagi ta’lim muassasalarida rus tili o‘qituvchilari yetishmaydi. Bu haqda respublika Prezidenti Sadir Japarov Qirg‘izistonning “Kabar” davlat agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

“Bizga rus tili o‘qituvchilari kerak, ayniqsa, qishloqlarda. Farzandlarimiz bolaligidanoq rus tilida gaplashayotganini eshitmaganman. Aksincha, o‘quvchilar rus tilini bir og‘iz ham bilmay maktabni tashlab, Rossiyaga ketish hollari bor”, deydi u. 

Gap shundaki, 11 aprel kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlament) spikeri Nurlanbek Shakiyev internetda chet tilidagi barcha kontentni bloklash zarurati haqida gapirib, qishloqlarda bolalar rus tilida so‘zlashishidan noligandi. U qirg‘izcha yo‘qolib borayotganidan kuyunib, rus va xorijiy tillardagi barcha dasturlar, multfilmlarni bloklash kerakligini taklif qilgandi. Shuningdek, parlament raisi arabcha ismlardan ham voz kechishga chaqirgandi. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarolarining bir qismi Rossiya Federatsiyasiga borganida til bilan bog‘liq muammolarga duch keladi. 

“Shuning uchun men shaxsan tashabbus ko‘rsatdim va Vladimir Vladimirovichdan (Putin, Rossiya Prezidenti) biz uchun to‘qqizta rus tilidagi maktab qurishni so‘radim. Tez orada qurilish ishlari boshlanadi”, deydi u.  

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, Shakiyevning rus va ingliz tillari haqidagi so‘zlari uning shaxsiy fikri.  

“Hukumat siyosati butunlay boshqacha. Rus va ingliz tillari jahon tillaridir. BMTning rasmiy tillari orasida rus va ingliz tillari ham bor. Rus tilisiz MDH davlatlarida ishlash mumkin emas. Nafaqat Hamdo‘stlik mamlakatlariga, balki Yevropaning ayrim davlatlari, AQSH va boshqa qator davlatlarga rasmiy tashriflar chog‘ida ular rus tilida so‘zlashadilar va shu tilda sinxron tarjimani tinglashadi. Men buni so‘nggi uch yil ichida ko‘p marta ko‘rganman”, deydi Japarov.

U, shuningdek, agar kimdir Qirg‘izistonda ingliz tilida o‘qitiladigan maktab qurmoqchi bo‘lsa, mamlakat rasmiylari buni faqat olqishlashia ishontirgan.  

“Xalqimiz qancha ko‘p til bilsa, dunyoqarashi shunchalik keng bo‘ladi. Ular ko‘plab xalqlarning urf-odatlari, mentalitetini, bilimini o‘rganadi. Dunyoga kengroq qarash kerak, qirg‘iz tilimiz esa hech qachon o‘lmaydi. U rivojlanadi va mangu yashaydi”, deydi Prezident.

Rus tili va O‘zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva 17 noyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Assambleyaning 56-yig‘ilishida so‘zga chiqib, O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar rahbarlarining qarori bilan oktyabr oyida tashkil etilgan xalqaro rus tili tashkiloti loyihalarida faol ishtirok etish niyatida ekanini aytgan edi

Senat Raisining so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda rus tili majburiy o‘quv dasturiga kiritilgan 10 mingdan ortiq umumiy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ushbu maktablarning 10 foizida ta’lim rus tilida olib boriladi. 

Mamlakatda Rossiyaning yetakchi universitetlarining 14 ta filiali ochildi, ular mamlakat iqtisodiyotida talab qilinadigan mutaxassislarni tayyorlaydi. Bundan tashqari, Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik 50 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. 

Narboyevaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi bilan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. “Klass” va “Malish” loyihalari doirasida O‘zbekistonda rus tilini o‘qitishni takomillashtirish metodikasini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatilmoqda. Senat Raisi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonda rus tilida o‘qitiladigan va rus ta’lim dasturlari asosida bir nechta maktablar qurishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirgan. Uning fikricha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Moskvaga borib, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘ragandi. Shundan so‘ng, Rossiyalik deputat Mixail Delyagin mazkur tashabbus mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib, O‘zbekiston Rossiyadan fuqarolarini olib ketishi kerakligini iddao qilgandi. Bunga javoban deputatning O‘zbekistondagi mavqedoshlari, jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat “Delyagincha” bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerakligini aytgan,  “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa o‘zbekistonliklar halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlayotganini, Rossiya ularni tekinga boqmayotganini eslatgan edi

Ma’lumot uchun, joriy yilning 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari sammitida rus tili Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida millatlararo til sifatida tan olindi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur sammitga kelar ekan, Rossiyaning maqsadlaridan biri aynan mana shu ekanini yashirmagan. U 12 oktyabr kuni, hali sammit boshlanmasidanoq MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida rus tilining maqomini oshirishni muhokama qilgan edi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing