Japarov Qirg‘izistondagi o‘tgan yilgi taloto‘plar sababini aytdi

Olam

image

Qirg‘izistonda ilgari mavjud bo‘lgan parlament-prezident boshqaruv shakli tartibsizliklarning asosiy sababchisiga aylandi va o‘tgan yilning oktyabr oyida Respublikada hokimiyat almashishiga olib keldi. Bu haqda Qirg‘iziston davlati rahbari Sadir Japarov xalqqa qilgan murojaatida gapirdi.  

“Bu holat 2010 yil Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat boshqaruvining parlament-prezidentlik shakliga o‘tishga o‘zgartirilishidan kelib chiqqan, desam adashmagan bo‘laman. 2010 yilgi Konstitutsiya proporsional saylov tizimini joriy qildi va afsuski, saylovlar yopiq ro‘yxatlar orqali o‘tishni boshladi. Bu tizim siyosiy korrupsiya uchun qulay muhit yaratdi: vijdonsiz siyosiy partiyalar rahbarlari ro‘yxatdagi o‘rinlarni sotishdi, natijada ovozlarni sotib olish jarayoni faqat kuchaydi”, degan Prezident. 

Japarov bu ijtimoiy-siyosiy uyg‘unlikni “korrupsiya siyosati” deb atagan. Uning fikricha, shu sababli, ijro etuvchi hokimiyat “mustaqil harakat qila olmagan”. 

“O‘tgan yilgi saylovlar jiddiy qonunbuzarliklar bilan kechdi va bu jarayonning adolatsizligi saylovchilar noroziligining oshishiga hamda natijada ovoz berish natijalarini bekor qilish talabiga olib keldi, ammo bu o‘z vaqtida o‘tkazilmadi. G‘azablangan aholining katta qismi amaldagi hukumatni ag‘darishga majbur bo‘ldi”, deb hisoblagan Prezident. 

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi. 

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi. 

O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.  

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. 

Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Japarov

Baholaganlar

163

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing