Japarov davlat qarzini YAIMning 50 foizidan oshirmaslikni buyurdi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov hukumatga mamlakatning jami davlat qarzi YAIMning 50 foizidan oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikni buyurdi. Bu haqda u bugun, 21 iyul kuni o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozdi.

Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilgacha Qirg‘izistonning tashqi qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 120 foiziga yetgan. Hozirda esa bu ko‘rsatkich YAIMning 39 foizini tashkil etadi.

Prezident mamlakatga jalb qilinayotgan kreditlar endi aniq loyihalarga yo‘naltirilayotgani va ulardan foydalanish qat’iy nazorat qilinayotganini qayd etgan.

“Bugun jalb qilingan har bir kredit avvalgi yillarda bo‘lganidek izsiz yo‘qolib ketmayapti”, degan Sadir Japarov.

Uning yozishicha, qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalar kelajakda sarflangan mablag‘larni mustaqil ravishda qaytarish imkonini berishi lozim.

Qirg‘iziston rahbari ayrim mamlakatlarda davlat qarzi YAIMning 100 foizidan oshganini qayd etar ekan, Qirg‘iziston bunday ko‘rsatkichni o‘zi uchun mezon qilib olmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunchilik bo‘yicha davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Prezidentning viloyatlardagi muxtor vakillari, Bishkek va O‘sh shaharlari merlari, shuningdek, huquq-tartibot va sud organlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan respublika kengashida davlat va munitsipal xizmatchilar faoliyatini keskin tanqid qilib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan va qaror qabul qilishdan qo‘rqadigan rahbarlar o‘z lavozimlarini ishlashga tayyor bo‘lganlarga bo‘shatib berishlari kerakligini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing