Mas’uliyatdan qo‘rqsangiz lavozimingizni bo‘shatib qo‘ying – Japarov mulozimlarga

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov davlat va munitsipal xizmatchilar faoliyatini keskin tanqid qilib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan va qaror qabul qilishdan qo‘rqadigan rahbarlar o‘z lavozimlarini ishlashga tayyor bo‘lganlarga bo‘shatib berishlari kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 30 iyun kuni Prezidentning viloyatlardagi muxtor vakillari, Bishkek va O‘sh shaharlari merlari, shuningdek, huquq-tartibot va sud organlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan respublika kengashida so‘z ochdi. 

“Agar siz mas’uliyatni o‘z zimmangizga olishdan yoki qaror qabul qilishdan qo‘rqsangiz, unda lavozimlaringizni buni qilishga tayyor bo‘lganlarga bo‘shatib berishingiz kerak”, deydi Japarov.

U mulozimlar faqat hududlar rivojlanishining umumiy ko‘rsatkichlari bilan hisobot berishni to‘xtatib, aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarni hal qilishga e’tibor qaratishlari lozimligini qayd etgan. 

“Bundan buyon viloyatning faqat umumiy yutuqlari bilan maqtanish kerak emas. Faqat joylardagi ko‘p yillik muammolar hal etilgani, hudud rivojlanayotgani, aholi hokimiyatni qo‘llab-quvvatlayotgani va uning ishidan rozi ekanligi bilangina faxrlanish kerak”, deydi u.

Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarning talablari haddan tashqari yuqori emas.

“Hech kim osmondagi yulduzni olib berishni talab qilayotgani yo‘q. Oddiy odamlar faqat bir narsani – qonun ishlashini, davlat xizmatchilari esa mas’uliyat bilan, to‘g‘ri, aniq va o‘z vaqtida harakat qilishini xohlaydi”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.

U fuqarolar hokimiyatdan qonuniy, adolatli va o‘z vaqtida qabul qilingan qarorlarni kutayotganini, davlat xizmatining bosh vazifasi ham aynan shundan iborat bo‘lishi kerakligini qayd etgan.

“Agar har biringiz ushbu tamoyilga amal qilsangiz, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanadi”, deydi Sadir Japarov. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov yaqinlari, xususan kichik o‘g‘li Nurdavlatning davlat ishi, umuman, siyosat bilan shug‘ullanmasligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing