Janubiy Koreya rahbari BMT minbarida turib Rossiyani qoraladi

Olam

image

Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi so‘nggi aloqalar hamda ehtimoliy hamkorlik yuzasidan dunyo yetakchilarini ogohlantirdi. Bu haqda u kecha, 20 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida so‘z ochdi.

“Dunyo tinchligining oliy posboni bo‘lishi kerak bo‘lgan BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi boshqa suveren davlatga bostirib kirishi hamda Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzayotgan rejimdan qurol va o‘q-dorilar olishi – paradoksdir”, degan Yun Sok Yol.

Uning aytishicha, Shimoliy Koreya oddiy qurollarni Rossiyaga topshirish evaziga ommaviy qirg‘in qurollarini kuchaytiruvchi axborot va texnologiyani qo‘lga kiritishi Janubiy Koreya uchun qabul qilib bo‘lmas holat.

“Rossiya va KXDR o‘rtasidagi bunday kelishuv nafaqat Ukraina, balki Koreya Respublikasining tinchligi va barqarorligiga tahdid soladigan bevosita provokatsiya bo‘ladi. Koreya Respublikasi bunga qo‘l qovushtirib qarab o‘tirmaydi”, degan Janubiy Koreya Prezidenti.

Yun Sok Yolning BMT minbaridan turib e’lon qilgan bayonotiga Rossiya tomoni o‘z munosabatini bildirdi. Seuldagi Rossiya elchixonasi Koreya rahbarining nutqini asossiz va provokatsion deb atadi.

“Janubiy Koreya rasmiylari Vashington tomonidan boshlangan va Rossiya-Shimoliy Koreya hamkorligini obro‘sizlantirishga qaratilgan tashviqot kampaniyasiga qo‘shilgan. Bunday spekulyativ bayonotlar Rossiya tomonidan provokatsion qarama-qarshilik sifatida baholanadi. Bu pozitsiya AQSH boshchiligidagi kollektiv G‘arb tomonidan mamlakatimizga qarshi boshlangan gibrid urush belgisidir”, deyiladi elchixona bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaga kelgan, Prezident Putin bilan uchrashgan va mamlakatdagi bir qancha harbiy ob’ektlarni ko‘zdan kechirgandi. Rossiya va KXDR o‘rtasidagi hamkorlik Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreyani хавотирга solgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kim Chen In Janubiy Koreya Shimoliy Koreya BMT Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing