Janubiy Koreya Prezidentining mamlakatdan chiqishi taqiqlandi
Olam
−
09 dekabr
1851Bugun, 9 dekabr kuni Seulda bo‘lib o‘tgan parlament qo‘mitasi yig‘ilishida Janubiy Koreya Adliya vazirligi mamlakat Prezidenti Yun Sok Yolga mamlakatni tark etishni taqiqladi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Taqiq Prezidentning qisqacha harbiy holat e’lon qilgani bo‘yicha olib borilayotgan tergov bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, yuqori mansabdor shaxslar o‘rtasidagi korrupsiya holatlarini tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tegishli buyruq berilgan.
O‘z navbatida, Janubiy Koreya Milliy politsiya agentligi qoshidagi Milliy tergov shtab-kvartirasi rahbari Vu Jong Su mamlakat Prezidenti so‘roqqa chaqirilishi mumkinligini aytdi, chunki buning uchun hech qanday cheklovlar yo‘q. Uning qo‘shimcha qilishicha, politsiya tergovni qonun va prinsiplarga muvofiq va hech qanday istisnolarsiz olib bormoqda. Politsiya ishni hal qilish uchun 150 ga yaqin tergovchidan iborat maxsus guruhni ishga tushirgan.
Bir kun avval Janubiy Koreyada sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyong davlatga xiyonat qilgani uchun hibsga olingan edi. Kim prezidentning Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etish haqidagi qarorini ochiq qo‘llab-quvvatlagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, aynan u bu qarorning tashabbuskori bo‘lgan.
Joriy yilning 3 dekabr kuni prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U bu qarorini Shimoliy Koreya kuchlardan himoyalanish bilan izohlagandi. Janubiy Koreyaning muxolif “Toburo” demokratik partiyasi mamlakat prezidenti Yun Sok Yoldan harbiy holat e’lon qilgani uchun iste’foga chiqishni talab qilgandi. Sal o‘tib esa Janubiy Koreya Prezidenti mamlakatda harbiy holat joriy etish qarori uchun xalqdan uzr so‘rab chiqqandi. Shundan so‘ng, 7 dekabr kuni Prezidentga impichment e’lon qilish masalasi mamlakat parlamentida yetarli ovoz yig‘ilmagani bois jarayon bekor qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning korrupsiyaga qarshi kurash organi Prezident Yun Sok Yolni fitnaga aloqadorlikda ayblab, hibsga olishga ruxsat bergani haqida xabar berilgandi. Prokuratura avvalroq davlat rahbariga ushbu ish bo‘yicha gumondor maqomini bergandi.