Yun Sok Yol xalqdan uzr so‘radi

Olam

image

Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol harbiy holat joriy etilgani ortidan yuzaga kelgan azob-uqubatlar uchun xalqdan uzr so‘radi. Biroq u 2024 yil 3 dekabr kungi qarorini mamlakatni “qutqarish” maqsadida qabul qilganini yana bir bor ta’kidladi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Yun avvalroq Seul Markaziy tuman sudi tomonidan qo‘zg‘olon yetakchiligida aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Sud uning harbiy holat paytida Milliy Assambleyaga qo‘shin yuborishi konstitutsiyaviy organ faoliyatini falajlashga qaratilgan, degan xulosaga kelgan.

Sobiq lider esa parlamentga harbiylar yuborilgani qo‘zg‘olon sifatida talqin etilishini “qabul qilish qiyin” ekanini bildirgan. U qarori faqat davlat va xalq manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinganini, biroq bu jarayonda yuzaga kelgan tushkunlik va iztiroblar uchun mas’uliyatni zimmasiga olishini qayd etgan.

Ayblanuvchi, shuningdek, apellyatsiya berish masalasiga ham shubha bilan qarayotganini aytib, sud mustaqilligiga ishonch yo‘qligini urg‘ulagan. Uning advokatlari esa yakuniy qaror maslahatlashuvdan so‘ng e’lon qilinishini ma’lum qilgan.

Yun harbiy holatni “davlatga qarshi kuchlar”ni yo‘qotish zarurati bilan izohlagan. Biroq parlament qaroridan so‘ng tartib atigi olti soat ichida bekor qilingan. Maxsus prokuror boshchiligidagi guruh sobiq prezidentga nisbatan o‘lim jazosini so‘ragan va hukm ustidan shikoyat qilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Yun Sok Yol parlament spikerini hamda o‘sha paytdagi hukmron partiya va asosiy muxolifat partiyasi rahbarlarini hibsga olishni tashkil etganlikda ayblangani haqida xabar berilgan edi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Koreya Seul Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing