Shavkat Mirziyoyev Koreya kompaniyalarini Qoraqalpog‘istondagi SI markaziga taklif qildi

Jamiyat

image

Bugun, 16 sentyabr kuni Seul shahriga tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” biznes sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari hamkorlikni mamlakatlar salohiyatining bir-birini to‘ldirishi tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishni taklif etgan. Bunda koreys kompaniyalari Markaziy Osiyoni 80 milliondan ortiq aholiga, o‘sib borayotgan talabga hamda katta resurs, energetika va inson salohiyatiga ega yagona imkoniyatlar makoni sifatida qabul qilishi muhimligi ta’kidlangan.

Har bir mamlakatning xomashyo bazasidan kelib chiqib, Markaziy Osiyoda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, O‘zbekistonning mineral-xomashyo bazasi kamida 3 trillion dollarga baholanmoqda.

Muhim minerallar sohasida yaqin yillarda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Mintaqaning resurs bazasini Koreyaning moliyaviy va texnologik imkoniyatlari bilan birlashtirib, asosiy e’tiborni xomashyo eksportidan ko‘ra uni chuqur qayta ishlash va tayyor yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratish taklif etilgan.

Qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlash muhim yo‘nalish sifatida belgilangan. Mamlakatlarga Koreya kompaniyalari, universitetlari va tadqiqot markazlarini jalb etib, intellektual mulk huquqi bilan himoyalangan yangi mahsulotlarni ishlab chiqish uchun yagona hamkorlik tizimini yaratish taklif qilingan.

Sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratilgan. U besh yil davomida har bir mamlakat iqtisodiyotida kamida 10 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini beradi. Shu maqsadda Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt data-markazlari uchun keng imtiyozlarga ega xab tashkil etilgan. Koreys kompaniyalari ushbu sohaga investitsiya kiritishga taklif qilingan.

Yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika ishlab chiqarishda hamkorlikning istiqbolli ekani qayd etilgan. Nurafshon shahridagi Kelajak texnologiyalari markazi negizida yarimo‘tkazgichlar, sanoat mikroelektronikasi va yangi materiallarni loyihalash hamda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma markaz tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Koreya va Markaziy Osiyo kompaniyalarining ilmiy-tadqiqot bo‘linmalari hamda laboratoriyalarini joylashtirish uchun sharoit yaratishga tayyor.

Biotexnologiyalar va farmatsevtikani rivojlantirishda katta salohiyat mavjud. O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi 3 milliard dollarga yetgan. Tadqiqotlar, klinik baza va ishlab chiqarishni birlashtiruvchi biofarmatsevtika klasterini tashkil etish taklif qilingan.

Bunda asosiy e’tibor mutaxassislar tayyorlashga, jumladan, mintaqa miqyosida muhandislarni o‘qitish va ularning Koreya laboratoriyalari hamda ilg‘or korxonalarida stajirovka o‘tashini tashkil etish bo‘yicha yagona dasturni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Koreys kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika va avtomatlashtirish, biotexnologiyalar va farmatsevtika, gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga taklif etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etgani va 5 ta taklifni ilgari surgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing