Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti umrbod ozodlikdan mahrum etildi

Olam

image

Janubiy Koreyada sud sobiq prezident Yun Sok Yolni 2024 yil oxirida kiritilgan harbiy holat bilan bog‘liq qo‘zg‘olon uyushtirishda aybdor deb topdi va unga umrbod qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Yun Sok Yol parlament spikerini hamda o‘sha paytdagi hukmron partiya va asosiy muxolifat partiyasi rahbarlarini hibsga olishni tashkil etganlikda ayblangan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Yun sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va boshqa amaldorlar bilan isyonni tashkil etish uchun til biriktirgan va mamlakatda urush yoki shu kabi favqulodda holat mavjud bo‘lmaganiga qaramay, noqonuniy ravishda harbiy holat e’lon qilgan.

Maxsus prokurorlar jamoasi sobiq prezident uchun o‘lim jazosini so‘ragan. Janubiy Koreyada esa bu jazo chorasi 1997 yildan beri amaliy qo‘llanmagan.

Shuningdek, Koreyaning sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon ham qo‘zg‘olon ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan. U harbiy holat e’lon qilinganidan keyin yuzaga kelgan vaziyat uchun javobgar ekanini bildirgan va unga 30 yil qamoq jazosi berilgan.

Ma’lumot uchun, Yun Sok Yol Janubiy Koreyada qamoqda saqlangan holda ayblov e’lon qilingan ilk amaldagi prezident bo‘ldi. U sobiq mudofaa vaziri va boshqa shaxslar bilan til biriktirib, konstitutsiyaviy tuzumni izdan chiqarish maqsadida isyon uyushtirishda ayblanmoqda.

2024 yilning 3 dekabr kuni Yun Sok Yol favqulodda murojaat bilan chiqib, mamlakatda harbiy holat joriy etilganini e’lon qilgan. U bu qarorni “Shimoliy Koreyaga moyil, davlatga qarshi kuchlarga qarshi turish zarurati” bilan izohlagan. Konservatorlar bu atama bilan Shimoliy Koreya bilan muloqotni qo‘llab-quvvatlovchi «Toburo» muxolifat partiyasini nazarda tutadi. Keyinchalik Milliy Assambleya bu qarorni bekor qilib, Yunni lavozimidan chetlatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Seulning Markaziy tuman sudi Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yolni 2024 yil dekabrida joriy qilgan harbiy holat bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha besh yilga qamoq jazosiga hukm qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yun Sok Yol' Kim Yon Xyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing