Yun Sok Yol o‘limga hukm qilinishi mumkin
Olam
−
09 yanvar 5399 3 daqiqa
Bugun, 9 yanvar kuni Seul sudida Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga nisbatan 2024 yilda harbiy holat joriy etishga urinish bo‘yicha qo‘zg‘olon uyushtirganlik aybi bilan olib borilayotgan ish doirasidagi yakuniy sud majlisi boshlandi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, jarayonning asosiy intrigasini prokuratura sobiq davlat rahbari uchun qanday jazo talab qilishi masalasi tashkil etmoqda.
Qo‘yilgan ayblovlarga ko‘ra, prokuraturaning uchta ehtimoliy talabi mavjud:
- o‘lim jazosi (Janubiy Koreyada oxirgi marta 1997 yil dekabrda qo‘llangan);
- majburiy mehnat bilan umrbod qamoq;
- majburiy mehnatsiz umrbod qamoq.
Bugungi majlisda jazoga oid talab e’lon qilinmagan. Seul Markaziy okrug sudi hay’ati maxsus prokuror Cho In Sokning jazo bo‘yicha talabini tinglash uchun qo‘shimcha majlis 13 yanvar kuniga belgilanganini ma’lum qilgan.
Ayblanuvchilar safida sakkiz nafar shaxs bor. Sud jarayonidagi asosiy savollardan biri – prezidentning harakatlari qo‘zg‘olon bo‘lganmi yoki Yun ta’kidlayotganidek, favqulodda prezidentlik vakolatlaridan qonuniy foydalanish bo‘lganmi, degan masala hisoblanadi.
Boshqa ayblanuvchilar orasida sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon, Milliy politsiya agentligining sobiq rahbari Cho Ji Xo va harbiy holatni rejalashtirish hamda joriy etishda muhim rol o‘ynaganlikda ayblanayotgan yana besh kishi bor. Huquqshunoslar sud hukmi fevral oyining boshida chiqarilishini kutmoqda.
Yun sobiq mudofaa vaziri va boshqa shaxslar bilan Konstitutsiyani izdan chiqarish maqsadida qo‘zg‘olon uyushtirish uchun til biriktirganlikda ayblanmoqda. Unga urush yoki shunga teng milliy favqulodda vaziyat bo‘lmagan bir sharoitda harbiy holatni noqonuniy e’lon qilganlik aybi qo‘yilgan.
Xususan, sobiq prezident Milliy Assambleya binosini blokirovka qilish va deputatlarning uning farmonini bekor qilish bo‘yicha ovoz berishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shin va politsiyani safarbar qilganlikda, shuningdek, Milliy Assambleya spikeri hamda hukmron va asosiy muxolifat partiyalari yetakchilarini hibsga olish va qamash bo‘yicha buyruq berganlikda ayblanmoqda.
Yun Sok Yol Janubiy Koreya tarixida hibsda saqlangan holda ayblov xulosasi chiqarilgan birinchi amaldagi prezident bo‘lgan. Bu 2025 yil yanvarida sodir bo‘lgan. U mart oyida sud qarori bilan hibs bekor qilingach ozod etilgan, biroq iyul oyida – impichment rasman tasdiqlanib, lavozimidan chetlatilganidan bir necha oy o‘tib harbiy holat joriy etishga urinish bilan bog‘liq qo‘shimcha ayblovlar asosida yana hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Yun Sok Yol 2024 yil 3 dekabr kuni kechqurun xalqqa video murojaat bilan chiqib, “Koreya Respublikasini Shimoliy Koreya kommunistik kuchlari tahdididan himoya qilish, xalqning erkinligi va baxtini o‘g‘irlayotgan prinsipsiz anti-davlat kuchlarini tor-mor etish hamda erkin konstitutsiyaviy tuzumni saqlab qolish uchun” favqulodda harbiy holat e’lon qilgan edi.
U harbiy holatdan “erkin Koreya Respublikasini tiklash va himoya qilish” uchun foydalanishga va’da bergan, mamlakat “halokat sari ketayotganini” ta’kidlagan.
Biroq parlament 4 dekabrga o‘tar kechasi – Yun murojaatidan atigi 150 daqiqa o‘tib favqulodda yig‘ilishda prezidentdan harbiy holatni zudlik bilan bekor qilishni talab qilish uchun ovoz berdi. Shundan so‘ng e’lon qilingan harbiy holat o‘z kuchini yo‘qotgani bildirildi. Tong saharda Yun Sok Yol hukumat yig‘ilishida parlament qarorini qabul qilishini va harbiy holatni bekor qilishini ma’lum qildi.
Parlament 6 dekabr kuni prezidentga impichment e’lon qilishga ilk bor urindi, biroq bu urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bir hafta o‘tib, 14 dekabrda ikkinchi ovoz berish muvaffaqiyatli bo‘lib, Yun rasman lavozimidan chetlatildi va keyinchalik sudga tortildi.