Dunyoda o‘lim jazosi bo‘yicha 44 yillik rekord yangilandi

Olam

image

O‘tgan yili dunyoda o‘lim jazosi ijrolari soni Amnesty International huquqni himoya qilish tashkiloti bunday statistikani yuritishni boshlagan 1981 yildan beri eng yuqori darajaga yetdi. 2025 yilda dunyoning 17 ta davlatida 2707 kishi qatl etilgan. Bu 2024 yildagiga nisbatan 78 foizga ko‘p. Bu haqda tashkilotning “O‘lim hukmlari va ijrolari 2025” nomli yillik hisobotida keltirilgan.

Amnesty bundan ham yuqori ko‘rsatkichni faqat 1981 yilda qayd etgan – o‘shanda 3191 ta qatl ro‘yxatga olingan. Bu yilgi o‘sishning asosiy manbasi Eron bo‘lgan. 2025 yilda ushbu mamlakatda kamida 2159 kishi qatl etilgan, bu bir yil oldingiga nisbatan ikki baravar ko‘p demakdir. Dunyodagi jami qayd etilgan o‘lim jazolarining qariyb 80 foizi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keldi. 2025 yil iyun oyida Isroilning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng rasmiylar josuslik va Isroil bilan hamkorlik qilish ayblovlari bo‘yicha qatllarni boshlab yubordi. Ushbu ayblov bilan kamida 11 kishi qatl etildi, vaholanki zarbalarga qadar bu modda bo‘yicha faqat ikki kishi qatl etilgan.

Amnesty vakillarining ta’kidlashicha, real ko‘rsatkichlar bundan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi mumkin, chunki statistika Xitoydagi minglab qatllarni o‘z ichiga olmaydi. Huquq himoyachilarining baholashicha, Xitoy o‘lim hukmlari soni bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lib qolmoqda. Tashkilot, shuningdek, o‘lim jazosi qo‘llanilishda davom etayotgan Shimoliy Koreya va Vetnam bo‘yicha ham ishonchli ma’lumotlarni qo‘lga kirita olmagan. 2025 yilda to‘rtta davlat o‘lim jazosini qo‘llashni qayta tikladi: Birlashgan Arab Amirliklari, Tayvan, Janubiy Sudan va Yaponiya.

“Eron, Yaman, Xitoy, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Shimoliy Koreya, Singapur va AQSH – ushbu davlatlar guruhi o‘lim jazosidan qo‘rqitish, o‘zgacha fikrlovchilarni bostirish va davlat institutlarining aholining zaif qatlamlari ustidan cheklanmagan hokimiyatini namoyish etish vositasi sifatida foydalanmoqda”, deydi Amnesty International bosh kotibi Anes Kallamar.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonida qatl etilganlar soni asosan giyohvandlikka oid ishlar tufayli kamida 356 kishiga yetgan. Quvaytda qatllar soni qariyb uch baravar oshgan – 6 tadan 17 tagacha. Misrda bu ko‘rsatkich 13 tadan 23 taga, Singapurda 9 tadan 17 taga, AQSHda esa 25 tadan 47 taga ko‘paygan. Qo‘shma Shtatlar ketma-ket 17 yildan beri qit’ada o‘lim jazosi qo‘llaniladigan yagona davlat bo‘lib qolmoqda. AQSHda hukm ijrosini kutayotgan mahbuslar soni 1948 nafarga yetgan, ulardan 47 nafari ayollardir. Mamlakatdagi jami qatllarning deyarli yarmi – 19 tasi Florida shtatiga to‘g‘ri keldi, bu mazkur shtat uchun 1972 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Amnesty International qatllar soni ortishining asosiy omillaridan biri sifatida giyohvandlikka qarshi kurash doirasida o‘ta qattiq choralarga qaytilganini ko‘rsatmoqda. Barcha ma’lum bo‘lgan qatllarning qariyb yarmi (1257 tasi) aynan shu turdagi jinoyatlar uchun ijro etilgan. Bunday qatllarning asosiy qismi Xitoy, Eron, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Singapurda qayd etilgan. Jazoir, Quvayt va Maldiv orollari giyohvandlik ishlari bo‘yicha o‘lim jazosini qo‘llashni kengaytiruvchi qonunlarni joriy qilgan.

Yevropa va Markaziy Osiyoda Amnesty International birorta ham yangi o‘lim hukmi yoki qatlni qayd etmagan. O‘tgan yil Aleksandr Lukashenko 1994 yilda hokimiyatga kelganidan beri Belarusda huquq himoyachilari tomonidan birorta ham yangi o‘lim hukmi yoki qatl holati ro‘yxatga olinmagan birinchi yil bo‘lgan. Shunga qaramay, Amnesty mamlakat rasmiylari o‘lim hukmlarini qat’iy sir saqlagan holda ijro etishda davom etayotganini ta’kidlaydi. Hukmlari Oliy sud tomonidan 2020 va 2024 yillarda tasdiqlangan kamida ikki nafar mahkumning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

“Faqat insonparvar va inson huquqlariga asoslangan sudlov tizimlarigina haqiqiy adolatni ta’minlashga qodir”, deydi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk.

Amnesty International 1977 yilda o‘lim jazosiga qarshi kampaniyasini boshlaganida, bu jazo turi faqat 16 ta davlatda to‘liq bekor qilingan. Hozirda esa dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i undan qonunan voz kechgan yoki amaliyotda qo‘llashni to‘xtatgan.

“Hanuzgacha o‘lim jazosini qo‘llab kelayotgan davlatlar uchun butun dunyodan o‘rnak oladigan va bu vahshiyona amaliyotni tarixda qoldiradigan vaqt keldi”, deydi Kallamar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Oliy harbiy sud sobiq mudofaa vazirlari Vey Fenxe va Li Shanfularni 2 yillik sinov muddati bilan shartli o‘lim jazosiga hukm qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

o'lim jazosi qatl O'lim hukmi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing