Tramp sobiq harbiyning qatlini jonli efirda namoyish etishdan voz kechdi
Olam
−
09:35 975 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 2009 yilda Texasdagi Fort-Hud harbiy bazasida 13 nafar harbiyni otib o‘ldirgan sobiq armiya psixiatri Nidal Hasanning qatl etilishini jonli efirda ko‘rsatish rejasini bekor qildi. Biroq u belgilangan muddatda otishma orqali qatl etiladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Avvalroq, Pentagon Hasan 2026 yil 3 dekabr kuni otishma orqali qatl etilishini va jarayon internetda jonli efirda namoyish qilinishini ma’lum qilgandi. Bu qaror AQSHda va xalqaro miqyosda tanqidlarga sabab bo‘ldi. BMT rejani “jirkanch“ deb atadi.
Tramp kecha, 15 oktyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ko‘plab yaxshi niyatli insonlar Hasanning o‘limini tomosha qilishni istamasligini yozgan. Uning fikricha, qatlni jonli efirda ko‘rsatish terrorchilar va shunga o‘xshash jinoyatchilar uchun ogohlantirish bo‘lishi mumkin edi.
“U belgilanganidek, otishma orqali qatl etiladi, ammo bu jarayon jonli efirda ko‘rsatilmaydi“, deb yozgan Tramp.
Prezident qurbonlarning oila a’zolari qatl jarayonini shaxsan borib ko‘rishlari mumkinligini ham aytgan.
“Ular adolat qaror topganiga guvoh bo‘lishi kerak“, degan u.
Tramp jonli efirni bekor qilganini e’lon qilgach, Pentagon vakili Shon Parnell mudofaa vaziri prezidentning qarorini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Hasanning advokati Jon Galligan esa qatl jarayonini jonli efirda ko‘rsatish rejasi boshidanoq noto‘g‘ri bo‘lganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu reja armiyaning o‘z qoidalariga ham zid edi. Advokat Hasanning ko‘kragidan pastki qismi falaj ekanini, Tramp esa jonli efirni ma’qullagan paytda bundan xabardor bo‘lmagan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
“Zarar allaqachon yetkazildi. Armiya endi vaziyatni to‘g‘rilashga urinmoqda. Bu holat harbiy adliya tizimimizda doimiy dog‘ bo‘lib qoladi“, degan Galligan.
Ma’lumot uchun, 2009 yil 5 noyabr kuni Nidal Hasan Fort-Hud harbiy bazasidagi tibbiyot binosida askarlar tibbiy ko‘rik va emlashni kutayotgan paytda o‘t ochgan. Oqibatda 13 nafar qurolsiz harbiy halok bo‘lgan, yana 32 kishi yaralangan. Hasan 2013 yilda harbiy sudda otishmani o‘zi sodir etganini tan olgan va qilgan ishlari uchun uzr so‘ragan.
AQSH qonunchiligiga ko‘ra, harbiy xizmatchini qatl etish uchun prezidentning roziligi talab qilinadi. Hukm ijro etilishidan oldin esa yuqori instansiya sudi uning qonuniyligini qayta ko‘rib chiqishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Nidal Hasanni otishma guruhi orqali qatl etishni ma’qullagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi