Janubiy Koreya AQSHning telefon suhbatlarini tinglagani haqidagi ma’lumotlar soxtaligini aytdi
Olam
−
11 aprel 2023
5496Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar AQSH razvedkasi tomonidan Janubiy Koreya rasmiylarining telefon suhbatlari tinglangani haqidagi ma’lumotlarning aksariyatini soxta deb hisoblaydi. Bu haqda Janubiy Koreya prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kim Taye Xe ma’lum qildi.
Kimning so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘lgan voqea aybdorlarini aniqlash uchun vaqt kerak bo‘ladi va bu ish ittifoqchilar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi. Uning ta’kidlashicha, Janubiy Koreya rasmiylari voqeaga ichki baho bergan, AQSH hukumati ham o‘z navbatida shu vaqt davomida tergov olib borgan.
Bugun, 11 aprel kuni ertalab ikki davlat vazirlari telefon orqali muloqot qilgan va tomonlarning fikrlari bir-biriga to‘g‘ri kelgan.
“E’lon qilingan ma’lumotlarning aksariyati uydirma. Ammo bu AQSH muammosi”, deydi Kim.
Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi orqali buyurtmachini qidirib, bu holat qanday sodir bo‘lganini aniqlashini ta’kidladi.
Amerikalik tergovchilar AQSHda razvedka ma’lumotlari va Pentagon ma’lumotlarining ommaviy ravishda internetga sizdirilishining to‘rtta asosiy sababini ko‘rib chiqmoqdalar va ulardan biri sifatida xodimlarning noroziligi qayd etilgan. Mudofaa vazirining Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Maykl Malroyning aytishicha, ma’lumotlar sizib chiqishi AQSHda sodir bo‘lgan, chunki oshkor etilgan hujjatlarning aksariyati ularning qo‘lida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning Pentagon 7 aprel kuni birinchi marta Ukrainadagi mojaroga oid maxfiy hujjatlarni oshkor qildi. Mart oyi boshida oshkor etilgan fayllarda AQSH va NATOning Ukraina armiyasini kuchaytirish rejalari haqidagi ma’lumotlar mavjud. Keyinroq amerikalik amaldorlar ushbu hujjatlar qalbaki bo‘lishi mumkinligini aytib chiqdi.
8 aprel kuni tarmoqda yana yuzga yaqin Amerika maxfiy ma’lumotlari paydo bo‘ldi. Ularda Ukraina, Amerikaning Yaqin Sharqdagi milliy xavfsizligi va Xitoyga tegishli axborotlar qayd etilgan.
LiveBarchasi