Janubiy Koreya AQSHga 500 mingta artilleriya snaryadini “ijara”ga beradi

Olam

image

Janubiy Koreya AQSHga 500 ming dona 155 millimetrli artilleriya snaryadini berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda "Reuters" xabar berdi

Qayd etilishicha, Janubiy Koreyadan artilleriya snaryadlarining qarzga olinishi AQSHning Ukrainani o‘q-dorilar bilan ta’minlashdagi imkoniyatini yaxshilaydi. 

Janubiy Koreya nashrlarining yozishicha, mamlakat Ukraina mojarosida Koreya snaryadlaridan foydalanish ehtimolini kamaytirish uchun o‘q-dorilarni sotish o‘rniga qarzga berishga qaror qilgan. 

Ushbu hisobot yaqinda Pentagonning maxfiy hujjatlari internetga sizdirilgani fonida berildi. O‘sha hujjatda kollektiv G‘arbning Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Janubiy Koreyaga bosim o‘tkazishdagi murakkabliklariga urg‘u berilgan. 

AQSHning asosiy ittifoqchisi va artilleriya o‘q-dorilarining yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Janubiy Koreya Shimoliy Koreyadan kelayotgan yadroviy tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda o‘zining xavfsizlik holatiga asoslanib, Ukrainani halokatli qurollar bilan ta’minlay olmasligini aytmoqda. Kelishuvga ko‘ra "ijara"ga berilayotgan snaryadlar esa birinchi navbatda AQSHning ichki zaxiralarini to‘ldirishda ishlatilishi belgilangan. 

Ushbu kelishuv bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotgani har ikki davlat hukumatlari tomonidan tasdiqlanganiga qaramay, uning yakunlangani xususida ma’lumot berilmagan. Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Pak Jin bu bo‘yicha hech narsa deya olmasligini aytgan bo‘lsada, mamlakatning Ukrainaga halokatli yordam ko‘rsatishga qarshi pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolganini qo‘shimcha qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainadagi snaryadlarning kunlik sarfini hisoblab chiqib, bu G‘arb davlatlarida ularni ishlab chiqarish darajasidan oshib ketgani haqida aytgandi. Shuningdek, Pentagonning ommaviy axborot vositalarida tarqalib ketgan maxfiy hujjatlarida shu yilning may oyiga kelib Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlarining snaryadlari tugashi va bu mamlakatni Rossiyaning havo hujumlari oldida ojiz qoldirishi mukinligi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Janubiy Koreya artilleriya snaryadi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing