Ukraina havo mudofaa tizimi may oyida inqirozga uchrashi mumkin – WSJ

Olam

image

Pentagonning internetga chiqib ketgan maxfiy hujjatlaridan birida aytilishicha, zenit raketalari tugayotgani sabab Ukraina may oyiga kelib havo mudofaa tizimisiz qolishi mumkin. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi

Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarga AQSH Mudofaa vazirligiga tegishli ekani aytilgan maxfiy hujjatlar sizdirilgandi. Ulardan birida Ukrainadagi mavjud zaxira vositalari tugayotgani bois havo hujumidan mudofaa tizimlari may oyiga borib, to‘xtab qolishi mumkinligi aytilgan. 

Ukraina harbiy-havo kuchlari vakili polkovnik Yuriy Ixnat oshkor qilingan ma’lumotlar to‘g‘ri yoki yo‘qligiga izoh bera olmasligini ma’lum qilgan. Biroq u mamlakat havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi jiddiy muammoga duch kelayotganini tan olib, g‘arblik hamkorlariga yordamni tezlashtirishlari kerakligini aytgan. 

“Agar biz havodagi kurashda mag‘lub bo‘lsak, bu Ukraina uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi”, deydi u. Ixnatning so‘zlariga ko‘ra, bir yildan ortiq vaqtdan beri davom etayotgan urushdan so‘ng Ukraina havo mudofaa tizimining asosi bo‘lgan sovet davrida ishlab chiqarilgan S-300 va Buk tizimlari uchun o‘q-dorilarni topish jiddiy muammoga aylangan. 

Hujjatga ko‘ra, Ukraina havo mudofaasining inqirozi unga front chizig‘i yaqinida quruqlik qo‘shinlarini yig‘ishi va qarshi hujumga o‘tishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Avvalroq Kiyev yaqin haftalarda Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarib olish uchun AQSH va NATOdagi hamkorlar tomonidan o‘qitilgan va qurollantirilgan bir nechta yangi zaxira brigadalaridan foydalangan holda keng miqyosli hujum boshlashni rejalashtirayotganini aytgandi. 

Aytilishicha, hozirga qadar Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimining sharofati bilan Rossiyani keng miqyosli havo hujumiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymayotgan edi. Masalan, S-300 va Buk tizimlari 6 ming metrdan yuqori nishonlarni tutish imkoniyatiga ega. 

Ammo Pentagonning maxfiy hujjatlariga ko‘ra, hozirgi vaziyatda Buk tizimining raketa zaxiralari 13 aprelga qadar, S-300 tiziminiki esa 3 maygacha to‘liq tugaydi. 

Pentagonning maxfiy bayonotlariga ko‘ra, may oyiga kelib Kiyev viloyatidan tashqaridagi muhim milliy infratuzilmasining ko‘p qismi va Ukraina janubi-g‘arbidagi yana ikkita hudud havo mudofaa tizimidan ayriladi. Himoyalanmagan muhim nuqtalar soni 6 tadan 40 tagacha ortishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Ukrainaga 3 ta Patriot havo hujumidan mudofaa tizimini jo‘natishga va’da bergan. Biroq ular hozirda ishlayotgan 25 ta S-300 ning o‘rnini bosa olmaydi. Ukrainaga Stinger kabi portativ havo mudofaa tizimlari ham yetkazib berilgan. Biroq ular jang maydonida qimmatli bo‘lishiga qaramay, baland uchuvchi samolyotlarga yetib bora olmaydi hamda muhim infratuzilmani yuqori darajada himoya qilolmaydi.

Nodirjon Madaminov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ukraina raketalar havo mudofaa tizimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing