Janubiy Afrikada migrantlarga qarshi namoyishlar o‘tkazildi

Olam

image

Kecha, 30 iyun kuni Janubiy Afrikada noqonuniy muhojirlar mamlakatni tark etishi uchun belgilangan muddat tugagani sababli mamlakatning turli shaharlarida migrantlarga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Namoyishchilar mamlakat bayroqlarini ko‘tarib, an’anaviy yog‘och, tayoq va qurollar bilan shahar ko‘chalarida yurish qilgan. Ular noqonuniy muhojirlarni Afrikani tark etishga chaqirgan.

So‘nggi oylarda kuchaygan migrantlarga qarshi kayfiyat fonida minglab xorijliklar belgilangan muddatdan oldin mamlakatni tark etgan. Yangi tartibsizliklar xavfi sababli ko‘plab do‘konlar yopilgan, xorijliklar esa ishga chiqmagan.

Namoyishlarni tashkil etgan “March and March” harakati rahbari Jasinta Ngobesening aytishicha, noqonuniy muhojirlar mamlakatdan chiqarilmaguncha har hafta norozilik namoyishlari o‘tkaziladi. Namoyishchilar xorijliklarni mahalliy aholining ish o‘rinlarini egallab olayotgani va davlat resurslariga bosim o‘tkazayotganini da’vo qilmoqda.

Yoxannesburg yaqinidagi Tembisa tumanida namoyishchilar politsiya va muhojir deb gumon qilingan shaxslarga tosh otgan, shahar markazi yaqinida o‘q ovozlari eshitilgan. Benoni hududida politsiya yuzlab namoyishchilarni tarqatish uchun maxsus texnika va o‘qotar qurollardan ogohlantirish sifatida foydalangan. Sovetoda xorijliklarga tegishli uylar talon-toroj qilingan. Pitermaritsburg shahrida esa politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun rezina o‘qlardan foydalangan.

“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha kamida 4 kishi halok bo‘lgan, minglab xorijliklar uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Mart oyidan buyon xorijliklarga qarshi noqonuniy harakatlar yuzasidan 103 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa fuqarolarning noqonuniy immigratsiya borasidagi xavotirlari asosli ekanini bildirgan. Shu bilan birga, u norozilik namoyishlari tahdid, zo‘ravonlik va vandalizmga aylanmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sudanlik migrant Britaniyaning Belfast shahrida 40 yoshli erkakka pichoq bilan hujum qilganidan so‘ng, mamlakatning turli hududlarida mahalliy aholining ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing