Jang davom etadi. Kusherboyev UzAuto Motors`ning po‘stagini qoqdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev UzAuto Motors kompaniyasidan tez yordam uchun avtomobillarni imtiyoz bilan sotishini so‘rab chiqqani haqida xabar bergan edik.

Uning ortidan kompaniya turli davrlarda ajratgan xayriya mablag‘lari haqida ma’lumot berib, deputatni noprofessonallikda aybladi.

Ammo shu bilan Rasul Kusherboyev va UzAuto Motors kompaniyasi o‘rtasidagi mojaro monopolistning javobi bilan to‘xtab qolmadi. Deputat navbatdagi yurishni amalga oshirdi.

Xalq vakili UzAuto Motors va uning faoliyatini yo‘naltirb turuvchi “O‘zavtosanoat” AJ jipslashib ketganiga, monopolist kompaniya “O‘zavtosanoat”ni o‘ziga tegishli tuzilma deb hisobayotganiga ishora qilgan.

“Men “O‘zavtosanoat” va UzAuto Motors boshqa-boshqa tashkilot, deb hisoblardim. Biroq UzAuto Motors`ning mendan ranjib qilgan munosabatidan UzAuto Motors kompaniyasi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi barcha ishtirokchilarga teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berishi kerak bo‘lgan “O‘zavtosanoat”ni o‘ziga tegishli tuzilma, deb hisoblashi ko‘rinayapti. Bu “monopoliya kasalligi”ning asorati bo‘lsa kerak. Bo‘lmasam kompaniya “O‘zavtosanoat”ni ishlarini o‘ziga yopishtirib olishdan sal uyalgan bo‘lardi. Yo rostanam “O‘zavtosanoat” va UzAuto Motors nomi har xil o‘zi bitta tashkilotmi? Tushunarsiz”, deydi deputat.

U avvalgi bildirgan fikrida 3 ta faktni keltirganini aytib o‘tgan va bu fikrlarning hech birini inkor qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

“Men kechagi fikrimda uchta faktni keltirganman. Bular:

•    UzAuto Motors`ning oshirilgan, ya’ni shu yil mart oyida butun xalqni norozi qilib ko‘tarib olgan narxda hatto “tez yordam” uchun ham Damas avtomobillarini sotayotganligi;

•    Rossiyaning Ufa kabi shahrida ko‘p miqdordagi avtomobillar ochiq osmon ostida tashlandiq turib qolsa ham O‘zbekiston xalqi o‘zimizda qimmat, “defektli” va qiyin shartlarda avtomobillar sotib olishga majbur bo‘layotganligi; 

•    UzAuto Motors`ni xalqqa tanlov imkoniyatini bermaydigan monopolist bo‘lib yashab kelayotganligi. 

UzAuto Motors aytingchi, bularni qaysi biri yolg‘on?”, deya savol bergan Rasul Kusherboyev.

U so‘zida davom etib, monopolist kompaniyaga asosiy e’tiroz avtomobillar narxlarining xalq bilan hisolashmasdan oshirilayotganida ekanini aytib o‘tgan. U UzAuto Motors`ni Prezident va Hukumat qarorlari ortiga yashirinayotganini, bu o‘rinda deputatlarning aloqasi yo‘qligini ham qo‘shimcha qilgan.

“Deputat qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘zingiz tushunmaydigan gaplar bilan hammani chalg‘itib, qonunlarni o‘zgartirish deputatlarni qo‘lidaku, deb o‘zingizni oqlamoqchi bo‘libsiz. Asosiy e’tiroz – Sizning monopolist bo‘la turib, xalq fikri bilan hisoblashmasligingizda.

Endi agar kompaniyada yuristlar bo‘lsa, yaxshilab qonunchilikni o‘qisin: sizga monopol huquqni parlament bermagan, siz Prezident va hukumat qarorlari bilan bu imtiyozlarga ega bo‘lgansiz va shular ortida “berkinmachoq” o‘ynayapsiz. Bu yerga “homiylik ishi” deb boshqa ishlarni tiqishtirib gapni olib qochmang. Agarki, vaqti kelib parlamentga sizni vakolatlaringizni qonun bilan tartibga solishning imkoniyati berilsa, xalq vakillari xalq fikridan kelib chiqib, qaror qiladi. Bunga shubha qilmang!”, deydi Kusherboyev.

Deputat kompaniyani xalq fikri bilan qiziqmaslikda ayblab, mart oyida narxlarni oshirilishi bunga misol qilib ko‘rsatgan. U kompaniya tez yordam uchun avtomobillarni ham oshirilgan narxlarda sotayotganini ta’kidlgan.

“Lekin hozir sizga xalq fikri qiziqmas. Agar qiziq bo‘lganida mart oyida qilgan ishingiz – monopol bo‘la turib butun xalqni norozi qilib avtomobil narxlarini bunchalik oshirmasdingiz, “tez yordam” uchun Damas`laringizni oshirilgan narxda xalqingizga sotmasdingiz.

Sizga homiylik qilmading, deb boshqa ishlarni so‘ramadik. Kim qo‘lidan nima kelsa qilayapti, siz esa qurbingiz yetadigan joyida qattiqlik qilayapsiz”, deya kompaniya avtomobillar uchun imtiyozlar bermayotganiga urg‘u bergan.

Deputat o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarga qaramay haqiqatni aytaverishini, agar kompaniya qo‘lidan kelsa, avtomobillar narxini tushirib, uni yolg‘onchiga chiqarishi mumkinligini ham aytib o‘tgan.

“Meni populist, noprofessional, yolg‘onchi, ko‘r, kar, go‘l deysizmi yoki kimlargadir shikoyat qilasizmi farqi yo‘q. Men Siz haqingizda ko‘pchilikka ma’lum haqiqatni aytaveraman: Siz ichkarida baribir monopol va nomard ishtirokchi sifatida qolaverasiz. To‘g‘ri bu gaplar og‘ir, lekin haqiqat shu.

Agar gapim noto‘g‘ri bo‘lsa qani ertagayoq xalqni norozi qilgan ish – avtomobil narxlarini tushiring, sotilmay chiriyotgan avtomobillarni yanayam arzon qilib soting, hech bo‘lmasa “tez yordam” uchun Damas`laringizni arzonlating, men yolg‘onchi bo‘lay, roziman”, deydi deputat.

U qo‘lidan kelgancha odamlarga yordam berayotganini, foydalish uchun harakat qilayotganini aytib, kompaniyani faktlarga e’tibor qaratishga chaqirgan.

“Menga saylovchilar bilan qanday ishlashni o‘rgatish esa Sizgamas. Har qalay Sizdan farqli ravishda men imkoniyatim boricha ularni rozi qilishga harakat qilaman, og‘ir kunida foyda qilishni o‘ylamayman. 

So‘nggida maslahatim: achchiq bo‘lsa ham faktni fakt bilan yengadi oldi-qochdi, jahl gaplar bilan emas. Buni piarchilaringizga ham tushuntiring!”


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev UzAuto Motors

Baholaganlar

2620

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing