Jamoat xavfsizligini buzishga urinayotganlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Ayni kunlarda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondagi tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari va faollar bilan bo‘lgan muloqotida aytib o‘tdi.

"Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta birgalikda quramiz! Shu sohadagi barcha islohotlarimiz, muhokamalarimiz, hech shubhasiz, demokratiya va huquqiy mezonlar asosida amalga oshirilishi zarur. Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi. O‘zbekistonda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani amalda ta’minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar yetarli”, deya ta’kidladi Prezident.

Shuningdek, davlat rahbari hozirgi vaziyatda barcha yurtdoshlarini hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko‘rishga, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da’vat etdi.

“Men olijanob va bag‘rikeng qoraqalpoq xalqining aql-idroki va donishmandligiga ishonaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz,1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirgan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston

Baholaganlar

302

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing