Jamg‘irchiyev Salimboydan ikki do‘stini o‘ldirishda yordam so‘ragani aniqlandi
Olam
−
15 yanvar
22904Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning aytishicha, avvalroq qochgan deputat Emil Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik “taniqli kriminal boshliq Salim Abduvaliyev”dan ikki kishini o‘ldirishda yordam so‘ragan.
“Menda bir yigit O‘zbekistonga chegara orqali bormay, lekin chegarani [noqonuniy] kesib o‘tib, “Salimboyvachcha” laqabli “qonundagi o‘g‘ri” bilan uchrashib, ikki do‘stini yo‘q qilishda yordam so‘ragani haqida xabar bor”, deydi Japarov “Kabar” Qirg‘iziston axborot agentligiga bergan intervyusida.
Prezident deputat ishi bilan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va razvedka xizmati xodimlari ish olib borayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. U 2022 yil dekabr oyida Salim Abduvaliyevdan yordam so‘rash maqsadida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgan. Shuningdek, u “Salimboy”ga Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishini so‘rab, xat ham yozgan.
10 yanvar kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga bergan maktubini o‘qib eshittirdi.
“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeyenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deydi deputat o‘z xatida.
Bunga javoban esa Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytgan.
“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar bor”, deydi Tashiyev.
Ammo unga javoban Abduvaliyev Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan.
Deputat 9 yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan, biroq unda qatnashmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Deputat shundan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. U binoning ikkinchi qavatidan sakrab qochgan.
O‘zbekistonda Jamg‘irchiyevga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birinchisi firibgarlik, ikkinchisi esa davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan esa unga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev hozirda qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.
LiveBarchasi