Jahongir Ortiqxo‘jayev ham xayriya qildimi?

Intervyu

image
Karantin vaqtida xayriya yordamlari faqat Toshkent shahrida yashovchilar uchunmi? north_east

Karantin vaqtida xayriya yordamlari faqat Toshkent shahrida yashovchilar uchunmi?

O‘zbekistonda koronavirus eng keng tarqalgan hudud Toshkent shahri. Poytaxtda bir emas, uch klinikada COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan bemorlar davolanyapti. Koronavirus eng ko‘p tarqalgan Toshkentdagi bugungi vaziyatdan keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida O‘zA muxbiri Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan suhbatlashdi.

– Toshkentda karantin rejimi davom etmoqda. Aholi virus yuqtirib olishdan xavotirda yashamoqda. Sir emas, ba’zi fuqarolarda oziq-ovqat tanqisligi boshlanadi, narxlar keskin oshib ketadi, degan xavotir ham yo‘q emas. Hokim sifatida bu kabi fikrlarga qanday javob berasiz?

– “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida ish boshlagan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi, mahallalarda tashkil etilayotgan ko‘chma oziq-ovqat bozorlari hamda bugundan boshlangan birinchi navbatdagi zaruriy nooziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari sinovli kunlarda poytaxt aholisini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Shahar hokimligi va uning tizimidagi barcha boshqarma, tashkilotlar, shuningdek, tuman hokimliklari tomonidan amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar doimiy nazorat qilinmoqda.

Hozirda Toshkent shahar va barcha tumanlar hokimliklarida tuzilgan ishchi guruh mahallalardagi oilalarning yashash sharoitlarini o‘rganmoqda. O‘rganish davomida poytaxt aholisiga bir kunda, bir haftada hamda bir oyda qancha va qanday turdagi oziq-ovqat mahsulotlari kerakligi yuzasidan alohida ma’lumotnoma tayyorlanadi. Bu masala 18 aprel kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi sessiyasida ham ko‘rib chiqildi. Sessiyada barcha sektor rahbarlari amalga oshirilgan ishlar va rejalar bo‘yicha deputatlarga hisob berdi.

Muvofiqlashtirish markaziga homiy tashkilotlar, tadbirkorlar tomonidan taqdim qilinayotgan mahsulotlardan tashqari, tuman hokimliklariga murojaat etayotgan homiylar tomonidan ehtiyojmand aholining ro‘zg‘ori butlanmoqda. Zarur dori-darmon vositalari, tibbiy niqoblar va antiseptik vositalar bilan ta’minlanmoqda. 

– Koronavirus infeksiyasining Toshkentga tahdidi, bugungi vaziyat haqida yaxshi xabardorsiz, albatta. Hozir vaziyat qanday?

– Bugun dunyoning yetakchi iqtisodchilari va olimlari koronavirus pandemisi katta yo‘qotishlar, jumladan, iqtisodiy inqirozlarga ham sabab bo‘lishi haqida ko‘p gapirmoqda. Albatta, rivojlanib borayotgan mamlakatimiz, jumladan, poytaxtimiz uchun ham bu tashvishli holat. Negaki sanoat, ishlab chiqarish, qurilish, xizmat ko‘rsatish hamda dehqon-fermerlik faoliyatlari maromida davom etmasa mamlakat, xususan shahar iqtisodiyoti katta zarar ko‘rishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar, hunarmandlar va fermerlar uchun soliq hamda bojxona to‘lovlarida, kreditlarning qaytarilish muddatlarida va ishlarini rivojlantirishga daxldor bo‘lgan boshqa masalalarda qator imtiyozlar joriy etildi. 

Shahrimiz iqtisodiyoti uchun ham xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish hamda sanoat muhim ahamiyatga ega. Karantinning dastlabki kunlaridan Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Endi esa faoliyati ma’lum muddatga to‘xtatilgan sanoat, qurilish, ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlari o‘z faoliyatlarini karantin va sanitariya-gigiyena talablari hamda maxsus ishchi guruh tavsiyalariga qat’iy amal qilgan holda davom ettirishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Ammo bu poytaxtda karantin tugadi, degani emas, korxona va tashkilotlarga talab juda qat’iy, insonlar hayoti va salomatligi xavfsizligi birinchi o‘ringa qo‘yilgan.

Bugun faoliyati nihoyatda dolzarb bo‘lgan korxona, tashkilotlarning ko‘pchiligida ish to‘xtaganini inobatga olsak, maxsus talab va tavsiyalar asosida ish boshlashga ruxsat berilishi aholining kundalik ehtiyoji uchun muhim bo‘lgan mahsulotlar ta’minotini yaxshilaydi. Aholi daromadga ega bo‘ladi.

Shuningdek, hozirda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik qurilish loyihalarini ham davom ettirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Buni aholi to‘g‘ri qabul qilishi kerak. Ish boshlanadigan hamma ob’ektlarda karantin va sanitariya-gigiyena talablariga hamda maxsus ishchi guruh tavsiyalariga to‘la rioya etilishi ta’minlanadi.

Hozirda barcha tumanlar kesimida korxona va tashkilotlarning ishlarni tashkil etish imkoniyati, qo‘yilgan talablarni to‘la bajara olishi ishchi guruh hamda sektor rahbarlari tomonidan o‘rganilmoqda. Ushbu talablarni to‘la bajara olgan korxonalar tez kunda ish faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Albatta, tadbirkorlik davrimda yiqqan tajribam har qanday sharoitda yetti o‘lchab bir kesgan holda qarorlarni qabul qilishimda asqotadi. Ammo bugungi sharoitga, vaziyatga tadbirkor sifatida emas, shahar hokimi, poytaxtimiz aholisi uchun javobgar sifatida qarayman. Inson hayoti va salomatligi xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilib, aholimizning manfaati yo‘lida zarur chora-tadbirlarni og‘ishmay, tezkorlik bilan barcha faollarga tayanib, harakat qilinyapti.

Ayni paytda poytaxtimizdagi barcha sohalar, tizimlar faoliyatini muvofiqlashtirib, shahar hamda tuman hokimliklari jipslashib Prezidentimiz va hukumatimiz qarorlarida belgilangan vazifalarni bajarishda bugungi davr uchun eng maqbul tadbirlarni amalga oshirib kelyapmiz. 

Xususan, bemorlar uchun maxsus shifoxonalar barpo etish, Yagona muvofiqlashtirish markazi ishini talab darajasida tashkil qilish, bozorlar va ko‘chma bozorlarning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, kuni kecha Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kabi qator ishlarni sanab o‘tishimiz mumkin. 

– Yaqinda ijarada yashaydigan fuqarolarga imtiyozlar berish yuzasidan murojaat qilgan edingiz... 

– Toshkent poytaxt shahar bo‘lgani viloyatlardan kelib, katta oilaning bir bo‘lagi bo‘lib, alohida ro‘zg‘or qilib yashayotgan, shuningdek, o‘z uyiga ega bo‘lmagan, ijarada istiqomat qilayotgan oilalar ham borligi ko‘pchilikka sir emas. 

O‘zbek xalqi azaldan insonparvar, xayrli, saxovatli bo‘lgan. Og‘ir kunlarda bir-birini tushunish va yordam berish, bir-biriga yelkadosh bo‘lish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

Shu bois karantin sharoitida uyda qolib, tirikchilik manbaiga ega bo‘lmay qiynalayotgan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning sharoitini to‘g‘ri tushungan holda ijara haqini to‘lashlarida shoshiltirmaslikka chaqirib qilingan murojaatimiz ijara beruvchilarga bir eslatma edi. 

Bu murojaatdan so‘ng ijarachilarning aynan nechtasi ma’lum muddatga ijara haqidan kechganini aniq aytish qiyin. Lekin ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda “mening qo‘shimcha uyim bor, ijara masalasida xolis yordam beraman” degan postlarni uchratdim. 

Ishonch bilan aytishim mumkinki, bu sinovli kunlar xalqimizni yanada jisplashtirdi, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibatni kuchaytirdi, shuningdek, xayr-saxovatli ishlar ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Albatta, ijaraga beruvchilarimiz ham bundan mustasno emas.

– Tadbirkorlarimiz bugungi sharoitda ko‘plab xayriya ishlarini amalga oshirmoqda. Siz ham hokim, ham tadbirkorsiz. O‘zingiz ham xayriya qildingizmi?

– Bugun barchamizning boshimizga tushgan og‘ir sharoitda hech kim chetda qarab turgani yo‘q, deb o‘ylayman. Ammo qilgan amallarni ochiqlash, ta’kidlash tabiatim va ko‘rgan tarbiyamga to‘g‘ri kelmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev karantin

Baholaganlar

367

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing