Jahon banki O‘zbekistonga yana 500 mln dollar ajratadi
Jamiyat
−
20 dekabr 2020
4156Jahon Banki Ijrochi direktorlar kengashi rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonga 500 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratishga qaror qildi. Bu haqda Jahon banki Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu dasturning maqsadi — ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni shaffof va inklyuziv tarzda ilgari surishdan iborat, deb xabar beradi Jahon banki matbuot xizmati.
Operatsiya doirasida Hukumatga COVID-19 pandemiyasining salbiy ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, 2017—2021 yillarda Harakatlar strategiyasida belgilangan islohotlarni amalga oshirish ishlari qo‘llab-quvvatlanadi.
Ma’lumot uchun, Jahon banki bugungi kunda butun O‘zbekiston bo‘ylab 25 ta loyihaning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning moliyaviy va texnik yordami makroiqtisodiy islohotlar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv va kanalizatsiya, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish kabi sohalarda qo‘llanilib kelyapti.
Avvalroq, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 29 mlrd AQSH dollaridan oshgani xabar qilingandi. Joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i 20,8 milliard dollar ekvivalenti yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning Jahon banki oldidagi qarzi 3,1 mlrd dollarni tashkil qilgan.
LiveBarchasi