O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 30 mlrd dollarga yaqinlashdi

Jamiyat

image

So‘nggi kundarda O‘zbekistonda davlat tashqi qarzi masalasi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kimdir ushbu qarzlarning kelajakda moliyaviy qiyinchiliklarga sabab bo‘lishini taxmin qilsa, yana ba’zilar buni jahon hamjamiyatining O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi, deya atamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti tomonidan tayyorlangan ma’lumotlarda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi masalasiga aniqlik kiritilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining umumiy tashqi qarzi 2020 yilning 1 oktyabr holatiga 29,3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, bunda 18,7 milliard dollar davlat sektoriga, 10,6 milliard dollar xususiy sektorga to‘g‘ri keladi.

“2020 yilning 9 oy davomida O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi ko‘rsatkichlarining shakllanishiga dunyoda COVID-19 pandemiyasining boshlanishi bilan bog‘liq ichki hamda tashqi bozor holatidagi o‘zgarishlar, tashqi savdo aylanmasining pasayishi, global biznes faoliyatining sekinlashishi va moliyaviy xatarlarning ortishi kabi omillar o‘z ta’sirini o‘tkazdi. 

Shuningdek, 2020 yilning 9 oyi davomida joriy qilingan karantin choratadbirlari mahalliy xarakter kasb etib, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining umumiy xajmiga salbiy ta’siri bo‘yicha xatarlar ro‘yobga chiqmadi va rezidentlarga o‘tkazmalar 2019 yilning mos davri darajasida saqlanib qoldi. Bundan tashqari, oltin narxining jahon bozoridagi ijobiy dinamikasi eksport hajmi qisqarishini qisman qoplash imkoniyatini yaratdi”, deyiladi axborotda.

Ma’lum qilinishicha, yuqorida ta’kidlangan omillar ta’sirida joriy operatsiyalar hisobi 434,2 mln. dollar (2019 yilning 9 oylarida 1,8 mlrd. dollar) hajmidagi defitsit bilan shakllangan. Shuningdek, savdo balansi (tovarlar va xizmatlar) va birlamchi daromadlarning manfiy saldosi (4,2 mlrd. dollar) ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi (3,7 mlrd. dollar) hisobiga qisman qoplangan. 

Shu bilan birga, moliyaviy hisobning manfiy saldosi 755 mln. dollarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich rezidentlarning moliyaviy majburiyatlarining ortishi (6,1 mlrd. dollar) hamda rezidentlar tomonidan aktivlarning qabul qilinishi (5,3 mlrd. dollar) oqibatida hosil bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat qarzi

Baholaganlar

21

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing