O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromad 20 yilda 7 baravar oshdi
Jamiyat
−
17:55 196 2 daqiqa
2025 yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 3,7 ming dollarni tashkil etdi. Bu haqda Jahon banki ma’lumotlariga tayanib, “Ranking.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jahon banki mamlakatlarni aholi jon boshiga yalpi milliy daromad darajasi bo‘yicha to‘rt toifaga ajratadi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, 1,2 ming dollargacha bo‘lgan ko‘rsatkich past, 1,2 ming dollardan 4,6 ming dollargacha bo‘lgan ko‘rsatkich o‘rtachadan past, 4,6 ming dollardan 14,4 ming dollargacha bo‘lgan ko‘rsatkich o‘rtachadan yuqori daromadli mamlakatlar toifasiga kiritilgan. 14,4 ming dollardan yuqori ko‘rsatkich esa yuqori daromadli davlatlarga tegishli.
Jahon bankining Atlas usulida hisoblangan mazkur ko‘rsatkichi aholining o‘rtacha ish haqi yoki qo‘liga oladigan shaxsiy daromadini anglatmaydi. U mamlakatning yalpi milliy daromadi va aholi soni asosida hisoblanadi hamda valyuta kurslaridagi keskin o‘zgarishlar ta’sirini yumshatish uchun maxsus usul qo‘llanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston 2025 yilda aholi jon boshiga 3,7 ming dollarlik YAIM bilan o‘rtachadan past daromadli mamlakatlar qatorida qolgan. Shu toifaga Qirg‘iziston va Tojikiston ham kirgan.
Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkich Qozog‘istonda qayd etilgan – 13,7 ming dollar. Turkmanistonda bu ko‘rsatkich 6,3 ming dollarni tashkil etgan. Qozog‘iston va Turkmaniston esa aholi jon boshiga daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida.
Shu bilan birga, so‘nggi 20 yilda O‘zbekistonning mazkur ko‘rsatkichi sezilarli oshgan. 2005 yilda aholi jon boshiga YAMD 520 dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 3,7 ming dollarga yetgan. Ya’ni, 20 yil davomida ko‘rsatkich qariyb 7 baravarga oshgan.
2025 yilning o‘zida O‘zbekistonda aholi jon boshiga YAIM 15,8 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 13,6 foizni tashkil etgan.
Biroq absolyut ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi farq saqlanib qolmoqda. 2025 yilda Qozog‘istonda aholi jon boshiga YAIM 13,7 ming dollar, O‘zbekistonda esa 3,7 ming dollar bo‘lgan. Ikki davlat o‘rtasidagi farq 10,1 ming dollarga yetgan.
Markaziy Osiyoning beshta davlati orasida O‘zbekiston aholi jon boshiga YAIM bo‘yicha Qozog‘iston va Turkmanistondan keyin uchinchi o‘rinni egallagan. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 2,8 ming, Tojikistonda 2,1 ming dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 2025 yildagi yalpi ichki mahsuloti 147 milliard dollarga yetgan. Qozog‘istonning YAIMi 306,2 milliard, Turkmanistonniki 49,8 milliard, Qirg‘izistonniki 22,6 milliard va Tojikistonniki 17,7 milliard dollar bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda 2030 yilgacha O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulot hajmi 300 mlrd dollarga yetkazilishi haqida gapirgan edi.
Live
Barchasi