Jahon banki Orolni saqlab qolish loyihasining ikkinchi bosqichida qatnashadi
Olam
−
14 Sentabr
2925Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha global amaliyot bo‘limi rahbari Uinston Yu boshchiligidagi vakillar bilan uchrashdi. Ular Orol dengizi va boshqa qo‘shma loyihalarni muhokama qildi. Bu haqda Qozog‘iston suv xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jahon banki vakillari Orol dengizini saqlab qolishning nafaqat Qozog‘iston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ahamiyati haqida gapirib, loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlagan.
Shuningdek, Jahon banki vakillari Qozog‘istonni mintaqaviy dasturni ishlab chiqishda ishtirok etishga taklif qilgan. Dastur doirasida Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida shunga o‘xshash loyihalar amalga oshirilishi belgilangan. Bunday loyiha irrigatsiya va drenaj tizimlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha qo‘shma ishlarning davomi bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
Vazir Jahon banki vakillarini transchegaraviy daryolardagi suv resurslarini hisobga olish va monitoringini avtomatlashtirish ishlariga qo‘shilishga taklif qilgan.
“Orolni asrab-avaylash kabi haqiqatan ham keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish uchun biz xorijiy hamkorlarimizni faol jalb etmoqdamiz, qo‘shni davlatlar bilan ham hamkorlik qilamiz. Loyihaning ikkinchi bosqichi bo‘yicha Jahon banki bilan hamkorlikda olib borayotgan ishimiz uning birinchi bosqichi kabi muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid qilaman”, deydi Nurjigitov.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida Jahon banki Qozog‘istonning mintaqaviy yetakchiga aylanishini bashorat qilgan edi.
LiveBarchasi