“Jahannam”ga aylangan dunyo yoxud yilni zir titratgan ofatlar
Bu qiziq
−
03 yanvar 2022
8030So‘nggi yillarda sayyoramizdagi iqlim keskin o‘zgarib ketdi. Bir tomonda dahshatli toshqinlar, yuvilib ketgan uylar, ikkinchi tomonda shafqatsiz issiq, tinimsiz yonayotgan o‘rmon, yana boshqa tomonda esa – qish.
Yakuniga yetgan 2021 yilda dunyoda ko‘plab falokatlar, to‘fonlar, suv toshqinlari yuz berdi. Buning oqibatida, minglab insonlar qurbon bo‘ldi. Yuzlab odamlar bedarak yo‘qoldi. Ushbu maqolamizda, 12 oy davomida jahonda yuz bergan tabiiy ofatlar haqida so‘z yuritamiz.
Ko‘chki va zilzilalar
2021 yilning yanvar. Indoneziyaning Sulavesi orolida 6,2 balli zilzila sodir bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida 46 nafar inson halok bo‘lgan, 826 kishi esa yaralangan. Ofat yuz bergan hududdan 15 ming kishi evakuatsiya qilingan.
Zilzila oqibatida 415 ta binoga zarar yetgan. Bular orasida shifoxona, gubernator ma’muriyati va boshqa davlat muassasalari bor.
2021 yil 7 fevral. Hindistonning Uttarakxand shtatida muz ko‘chishi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi va 170 kishi bedarak yo‘qolgan. Hindiston IIV ma’lumotiga ko‘ra, muz ko‘chishi Rishiganga daryosida suv sathining ko‘tarilishiga olib kelgan. Natijada 13,2 MVt quvvatli Rishiganga gidroelektrstansiyasi yuvilib ketgan. To‘satdan boshlangan toshqin boshqa bir gidroelektrstansiya loyihasiga zarar yetkazgan. Uttarakxand hokimiyati toshqin sabab gidroelektrostansiyadan quyida daryo bo‘yicha joylashgan qishloqlar aholisini evakuatsiya qilgan.
2021 yil 5 aprel. Indoneziyaning sharqiy qismida va unga qo‘shni bo‘lgan Sharqiy Timorda yog‘gan kuchli yomg‘irlar bir qator ko‘chkilar va toshqinlarni keltirib chiqardi. Indoneziya Tabiiy ofatlarga qarshi yordam agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida 41 kishi halok bo‘lgan, 27 kishi bedarak yo‘qolgan.
Sharqiy Nusa-Tengara viloyatidagi Adonara orolida joylashgan Lamenele qishlog‘ida o‘nlab uylar ko‘chkilar ostida qolgan.
Suv toshqinlari
2021 yil 2 iyul. Turkiyaning Arxavi tumanidan o‘tgan Arxavi daryosi kuchli yomg‘ir oqibatida toshib, dahshatli toshqinni keltirib chiqardi. Oqibatda tuman markazi, qishloq yo‘llari suv ostida qoldi. Toshqin natijasida ikki kishi jabrlangan. Uylar va ko‘priklar qattiq zarar ko‘rdi.
2021 yil 13-15 iyul. Germaniyada yuz bergan “Bernd” sikloni oqibatida 164 nafar odam vafot etdi, 749 kishi jarohat oldi. Yo‘llar yuvilib botqoqqa aylandi. Ushbu toshqindan Germaniyadan tashqari, Belgiya va Niderlandiya ham zarar ko‘rgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli yomg‘ir Avstriya, Shveysariya, Fransiya va Buyuk Britaniyani ham qamrab oldi.
U G‘arbiy Yevropada so‘nggi 20 yil ichida yuz bergan eng katta toshqin sifatida tarixda qoldi.
2021 yil 2-7 oktabr. Xitoyning Shansi provinsiyasida kuchli yomg‘ir yog‘ish natijasida suv toshqini kelib chiqdi. Bu tabiiy ofat oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, uch kishi bedarak yo‘qoldi. 1,75 milliondan ortiq mahalliy aholi suv toshqinidan zarar ko‘rdi,
Meteorologik ta’kidlashicha, bu toshqinlar Shansi provinsiyasi tarixidagi eng kuchli suv toshqini ekan. Ko‘p tumanlarda kuchli yomg‘ir bir necha kun to‘xtamagan.
2021 yil oktyabr. Hindiston shimolidagi Uttaraxand shtatida kuchli yog‘ingarchilik tufayli suv toshqinlari va ko‘chkilar sodir bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, buning natijasida 46 kishi halok bo‘lgan.
2021 yil 5 noyabr. Indoneziyaning Yava shtatida kuchli yomg‘ir suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Toshqin oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, 3 kishi esa bedarak yo‘qolgan.
2021 yil 18-20 dekabr. Malayziyada so‘nggi o‘n yillikdagi eng shiddatli yog‘ingarchilik bo‘ldi. Buning natijasida mamlakatning sakkiz viloyatida kuchli suv toshqini kelib chiqdi, ba’zi shahar va qishloqlar qisman suv ostida qoldi.
Ushbu toshqin natijasida 27 inson halok bo‘lgan, 70 mingga yaqin odam o‘z uylaridan evakuatsiya qilingan.
Bilyard sharidek kattalikda yog‘gan do‘l
2021 yil 27 iyul. Italiyaning markaziy qismida joylashgan Emiliya-Romanya viloyatida bilyard sharidek kattalikda do‘l yog‘di. Parma hududidagi asosiy A1 magistral yo‘lida transport vositalari harakati to‘xtab qoldi, yuzlab avtomobillar va uylarga zarar yetdi.
“Il Fatto Quotidiano” nashriga ko‘ra, 26 iyul kuni tushdan so‘ng sodir bo‘lgan do‘l haydovchilar va mahalliy aholini hayratda qoldirgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab videolavhalarga ko‘ra, bilyard shari kattaligida yoqqan do‘l avtomobil oynalarini sindirib, transportlar korpusida o‘ymalar hosil qilgan.
Olov ichida qolgan dunyo
2021 yil 28 iyul. Turkiyaning janubidagi o‘rmonlarda yong‘in boshlandi. 29 iyulga kelib, yong‘in shahar shimolidagi Qoraoz qishlog‘iga yetib bordi. Minglab insonlar evakuatsiya qilindi. Yong‘in tezda mamlakatning 7 ta viloyatini qamrab oldi. Yonayotgan hududlar, hatto, kosmosdan ko‘rindi.
30 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiyadagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish va ularning keng tarqalishini oldini olish maqsadida mamlakatga yordam guruhlarni jo‘natdi.
31 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakatning Adana, Antaliya, Mug‘la, Mersin va Usmoniyya viloyatlarini tabiiy ofat hududi deb e’lon qildi. Mutaxassislarning fikricha, o‘rmon yong‘inlarining asosiy sabablaridan biri bu mintaqadagi yuqori harorat va kuchli shamol bo‘lib, bu yong‘in tarqalishiga xizmat qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tabiiy fojiada jami 10 kishi halok bo‘lgan va 864 nafardan ortiq inson jarohat olgan.
2021 yil 25 iyul. AQSH g‘arbida rekord darajada yuqori harorat va qurg‘oqchilik sababli o‘rmon yong‘inlari kelib chiqdi. Oregon, Vashington, Vayoming, Aydaxo va Montanada shtatlarida favqulodda holat e’lon qilingan.
2021 yil 2 avgust. Gretsiyada havo harorati rekord – 45 darajaga ko‘tarildi. Buning oqibatida mamlakatda katta yong‘inlar sodir bo‘ldi. Yong‘in 3 ming gektardan ziyod qarag‘ay o‘rmonlari va zaytun bog‘larini qamrab oldi. Hukumat dengiz sohilidagi beshta aholi punktidan aholini evakuatsiya qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘indan kamida sakkiz kishi kuyish va nafas olish muammolari bilan jarohat olgan.
Vulqon otilishlari
2021 yil 8 avgust. Indoneziyaning Yava orolida joylashgan Merapi vulqoni otila boshladi. O‘sha kuni vulqon krateridan ulkan kul tutuni tepaga ko‘tarilib, bir necha aholi punktlariga yog‘ilgan va taxminan yetti marta lava otilishi kuzatilgan.
2021 yil oktyabr. Ispaniyaning Palma orolidagi Kumbre-Vexa vulqoni otildi. Vulqon otilishi kamida bir oy davom etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, lava oqimlari taxminan 740 gektar maydonni yoqib yuborgan.
Mutaxassislarning fikricha, lava 400 dan ortiq binolarni vayron qilgan, ularning aksariyati turar-joy binolari. Tabiiy ofat zonasidan 6 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi.
2021 yil 4 dekabr. Indoneziyaning Yava orolida Semeru vulqoni otilishi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi. Butun boshliq qishloqlar kul va vulqon changlari qatlami ostida qoldi. Uning konsentratsiyasi shu qadar yuqori bo‘ldiki, ba’zi hududlarda chang quyosh nurlarini butunlay to‘sib qo‘ydi.
Bu fojiadan besh kun o‘tib, Yevropadagi eng katta vulqon otilishi ro‘y berdi. 9 avgust kuni Italiyaning Sitsiliya orolidagi Etna vulqoni otila boshladi. Vulqon hodisasi tungi soat 01:40 da boshlangan va taxminan soat 05:00 da to‘xtagan.
Milliy geofizika va vulqonshunoslik institutiga tegishli Etneo rasadxonasining ma’lumot berishicha, Yevropadagi eng katta vulqondan otilgan lava oqimi juda yuqori bo‘lgan. Lava Etna vulqonining janubiy-sharqiy krateridan yoyila boshlagan, shuningdek tonggi soat 03:00 dan esa, janubi-g‘arbiy yo‘nalishga ham keng tarqalgan. Vulqon otilgan vaqtda hududda 4,5 magnitudali zilzila qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, otilgan vulqon dengiz sathidan 3357 metr balandlikka yetgan va rekord o‘rnatgan.
O‘zbekistonga yopirilgan qum bo‘roni
2021 yil 4 noyabr. O‘zbekistonda hech qachon kuzatilmagan qum bo‘roni sodir bo‘ldi. Sirdaryo viloyatining ma’muriy markazi Guliston shahrida va viloyatning boshqa tumanlarida qum bo‘roni ko‘tarildi. Oradan biroz vaqt o‘tgach qum bo‘roni mamlakat poytaxti Toshkentga ham yetib keldi.
AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.
O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati markazining ma’lum qilishicha, ushbu tabiiy hodisaga Rossiya tomondan kirib kelgan sovuq havo oqimlari ortidan ko‘tarilgan shamol sabab bo‘lgan. Shamol kuchayishi oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilgan va respublikaning bir qator tumanlarida ko‘rinuvchanlik 500-1000 metrgacha pasayib, chang-qumli g‘ubor holatini keltirib chiqargan.
AQSH ustiga yopirilgan tornado
2021 yil 10 dekabrdan 11 dekabrga o‘tar kechasi. AQSH sharqida joylashgan Kentukki shtati ustiga ulkan tornado yopirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu tabiiy falokat oqibatida 70 dan ortiq inson halok bo‘lgan. Shtatda favqulodda holat e’lon qilindi. Milliy gvardiya yo‘qolgan odamlarni qidirish, shuningdek tornado oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilindi. Kentukki shtati gubernatori Endi Beshir ushbu falokatni shtat tarixidagi eng dahshatli tornado deb ta’kidladi.
Filippindagi to‘fon
2021 yil 19 dekabr. Erta tongda Filippinga “Ria” deb nomlangan to‘fon yopirildi. Tabiiy ofat Filippinning markaziy va janubi-sharqiy qismlarini qamrab olgan. To‘fon oqibatida ko‘plab hududlarda elektr ta’minotidan uzildi. Millionlab insonlar boshpanasiz qoldi. Qidiruv va qutqaruv ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun armiya safarbar etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 121 nafar inson bu falokat qurboni bo‘lgan. 13 kishi bedarak yo‘qolgan.
Ekologlarning fikriga ko‘ra, agar dunyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilishga jiddiy e’tibor qaratmasa, 2100 yilga kelib sayyoramizdagi harorat anomal darajada ko‘tarilib ketishi oqibatida muzliklar erib, suv o‘z havzasidan toshib ketadi. Oqibatda yer sayyorasi odam yashashi uchun xavfli bo‘lib qolishi mumkin.
O‘tgan 12 oy davomida jahonda shunday muhim voqea va hodisalar yuz berdi. Yuzlab insonlar tabiiy ofat qurboni bo‘ldi. Birgina nafas olishimizning o‘zi katta ne’mat. Shuni unutmaylik.
LiveBarchasi