Zelenskiyda faqat bitta yo‘l bor – Tramp

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning Rossiya bilan mojaro bo‘yicha tinchlik rejasini tasdiqlashga majbur va uning boshqa yo‘li ham yo‘q. Bu haqda kecha, 21 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyning Oval kabinetida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda so‘z ochdi. 

“Bizda tinchlikka erishish yo‘li bor deb o‘ylaymiz. Zelenskiy uni tasdiqlashi kerak bo‘ladi”, degan Oq uy rahbari. 

Shuningdek, Tramp Zelenskiyga uning qo‘lida hech qanday kartalar yo‘qligini eslatgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tomoni ko‘plab insonlar hayotini saqlashga harakat qilmoqda.

“Zelenskiy rejani tasdiqlashi kerak, tasdiqlamasa, unda bilasizmi, ular faqat urushni davom ettiraverishadi deb o‘ylayman”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp. 

Trampning aytishicha, Zelenskiy rejani tasdiqlamasa, AQSH qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi mumkin. Shu sababli, Ukraina tezroq qaror qabul qilishi kerak, chunki “qish juda sovuq bo‘ladi”. Tramp avval 27 noyabrni tinchlik rejasini qabul qilish uchun so‘nggi muddat sifatida belgilagan.

Ukraina Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko reja matnini e’lon qilgan, keyinchalik Oq uy uning haqiqiyligini tasdiqlagan. Reja 28 punktdan iborat:

  • Qrim, Lugansk va Donetsk de-fakto (Ukraina hududi bo‘lishiga qaramay, amalda Rossiya nazorati ostida) sifatida tan olinadi;
  • Herson va Zaporoje hududlari hozirgi vaziyat bo‘yicha “muzlatiladi”;
  • Ukraina NATOga qo‘shilmaydi;
  • mamlakatda 100 kun ichida saylovlar o‘tkaziladi, evaziga xavfsizlik kafolatlari beriladi;
  • Rossiya global iqtisodiyotga qayta integratsiya qilinadi;
  • sanksiyalar bosqichma-bosqich va individual ravishda muhokama qilinadi.

Zelenskiy reja asosida og‘ir tanlovlar oldida qolganini ta’kidlagan. Keyinchalik u AQSH bilan hamkorlikda reja ustida ishlash zarurligini aytgan. 

“Kiyev, AQSH va Yevropa bilan maslahatlashib, tinchlikka yetish yo‘lini haqiqatdan ishlaydigan qilamiz”, deya ishonch bildirgan Zelenskiy. 

OAV ma’lumotiga ko‘ra, agar Ukraina reja bo‘yicha kelishuvni 27 noyabrgacha imzolamasa, AQSH qurol va razvedka yordamini to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda. Keyin hujjat Moskvaga kelishuv uchun yuboriladi, AQSH dekabr boshigacha kelishuvni yakunlamoqchi. CNN xabariga ko‘ra, Oq uy yil oxirigacha bitimga erishishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donald Trampning Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha rejasi Rossiya bilan batafsil muhokama qilinmagani, ammo u mojaroni hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing