Putin Trampning tinchlik rejasiga munosabat bildirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha rejasi Rossiya bilan batafsil muhokama qilinmagan, ammo u mojaroni hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 21 noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

Putinning aytishicha, Rossiya Ukrainadagi harbiy operatsiya maqsadlariga qurolli yo‘l bilan erishib boryapti, biroq shu bilan birga, tinch muzokaralarga ham tayyor. 

Shuningdek, Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi boshida Putin ikki asosiy mavzuni sanab o‘tgan: 2026 yilda Rossiyaning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga raislik qilishi doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar va Rossiyaning harakat strategiyasi. Shundan so‘ng, Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko unga murojaat qilib, Ukraina bo‘yicha tinchlik masalasini muhokama qilishni taklif qilgan.

Matviyenko tinchlik rejasiga oid savol bergan.Trampning 28 banddan iborat Ukrainadagi inqirozni hal qilish bo‘yicha rejasi atrofida butun dunyoda qizg‘in muhokama ketayotganini aytib, Putindan bu borada o‘z fikrini bildirishni so‘ragan. Shuningdek, uning Tramp bilan Alyaskadagi muzokaralariga qay darajada bog‘liqligini so‘ragan.

Putin o‘z javobida aytganki, bu mavzu hech qanday sir emas. Reja Alyaskadagi uchrashuvdan avval ham umumiy tarzda muhokama qilingan. AQSH tomoni Rossiyadan ayrim masalalarda murosaga borishni, “moslashuvchanlik ko‘rsatishni” so‘ragan.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Alyaskadagi uchrashuvning asosiy maqsadi Ankorijdagi muzokaralarda Rossiya bu takliflarga rozilik bildirganini tasdiqlash bo‘lgan. Rossiya AQSH so‘ragan “moslashuvchanlikka” tayyorligini bildirgan.

Uning aytishicha, bu borada Rossiya barcha do‘stlari va hamkorlarini – Xitoy, Hindiston, KXDR, Janubiy Afrika, Braziliya, boshqa ko‘plab davlatlarni batafsil xabardor qilgan. Unga ko‘ra, hamma istisnosiz ushbu kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Biroq Alyaskadagi muzokaralardan keyin AQSH tomoni ma’lum tanaffusga o‘tgan. Putin buning sababini Ukraina tomonidan Trampning tinchlik rejasidan amalda voz kechilgani bilan bog‘laydi. Shu bois, rejaning “yangilangan”, 28 banddan iborat tahriri paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Putinning aytishicha, bu matn Rossiya tomonida bor. Rossiya bu matn ham tinchlik asosini tashkil qilishi mumkin deb biladi, ammo AQSH buni Rossiya bilan bevosita muhokama qilmayapti. 

Unga ko‘ra, Ukraina va Yevropadagi ittifoqchilar hali ham “Rossiyani jang maydonida strategik mag‘lubiyatga uchratish” haqidagi illyuziyaga berilgan. Bu esa real frontdagi vaziyatni bilmaslik yoki to‘g‘ri baholay olmaslikdan dalolat beradi.

Misol sifatida Putin Kupyanskdagi vaziyatni keltirgan. 4 noyabr kuni Ukraina rasmiylari shaharda 60 ga yaqin rossiyalik askar qolganini va tez orada shahar ozod qilinishini aytgan edi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, aslida o‘sha paytning o‘zida Kupyansk deyarli to‘liq Rossiya qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan, ular faqat ayrim ko‘chalarni tozalash bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan. Ya’ni shahar taqdiri allaqachon hal bo‘lgan edi.

Putinga ko‘ra, bu voqea Ukrainada yoki ular bilan ishlayotgan Yevropa davlatlarida haqiqiy vaziyat to‘g‘risida tushunchaning yetishmasligini ko‘rsatadi. Agar Ukraina Trampning taklifini muhokama qilmoqchi bo‘lmasa, bunday holatlar frontning boshqa muhim uchastkalarida ham takrorlanadi. Bu jarayon Rossiyaning maxsus harbiy operatsiyada o‘z maqsadlariga harbiy yo‘l bilan erishishiga olib keladi.

“Rossiya har doim aytib kelayotgani kabi tinchlik muzokaralariga ham tayyor. Ammo buning uchun takliflarning barcha detallarini amaliy muhokama qilish zarur. Rossiya bunga tayyor”, deya o‘z so‘zini yakunlagan Putin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat hozir qiyin tanlov oldida turganini aytib, xalqiga murojaat yo‘llagandi. Uning bu murojaati Vashingtonning joriy yil 27 noyabr kuniga qadar mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv loyihasi imzolanmasa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatishi bilan tahdid qilgani fonida yo‘llangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing