MIDWEEK : O‘rtasiga qil sig‘mas Putin va Tramp, Zelenskiy stolidagi 4 taklif, Bundestagdagi keskin o‘zgarish
Tahlil
−
26 fevral
7622Tramp bir-biridan qiyin bo‘lgan takliflar orqali Zelenskiyni burchakka siqishga muvaffaq bo‘ldi. Chunki so‘nggi soatlarda tarqalgan xabarlarda Ukraina Prezidenti o‘zi tomonidan 3 marotaba rad etilgan tabiiy boyliklarning katta qismini AQSHga topshirish nazarda tutilgan kelishuvning biroz yengilroq variantini qabul qilgani aytiladi.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari esa hech qachon Ukrainaga bunday talab qo‘ymaslik va uni qo‘llashda davom etishini ma’lum qildi.
Trampning 4 yillik davri Rossiya va AQSH munosabatlarida mutlaqo yangi davr bo‘lishi mumkin. Moskva va Vashingtondagi rasmiy doiralar tinchlik masalasidan tortib, tabiiy boyliklar borasida hamkorlik qilishga yaqindek. Takliflar esa allaqachon berildi.
Joriy hafta o‘rtasigacha dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturi.
Zelenskiy qarshisidagi halokatli “eshiklar”
Tramp hokimiyat tepasiga kelgandan buyon Ukrainaning foydali qazilmalarga kirish huquqiga ega chiqishni nazarda tutuvchi kelishuv bo‘yicha muzokaralar o‘rtaga chiqdi. Vitse-prezident Jeyms Devid Vens, Moliya vaziri Skott Bessent va Trampning Ukraina-Rossiya ishlari bo‘yicha vakili Kit Kellogg orqali bu masalalar ko‘p bor muhokama qilindi. Ukrainalik manbalarning ma’lum qilishicha, kelishuv g‘oyasi Ukraina tomonidan 2024 yilning sentyabrida ilgari surilgan. O‘shanda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kelajakda xavfsizlik yordami va NATOga taklif evaziga AQSHga qazib olish huquqini berishni taklif qilgan. Ammo AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington Kiyevga allaqachon ko‘rsatgan yordam uchun kompensatsiya sifatida Ukraina resurslari va infratuzilmasini talab qilib, rasmiy Kiyevning rejalarini barbod qildi. Aynan shu omil Zelenskiy va Tramp o‘rtasidan ola mushuk o‘tishiga sabab bo‘ldi. So‘nggi kunlarda Tramp okean ortidan turib, Zelenskiy manziliga yo‘llagan haqoratlari va Ukraina Prezidentining bunga javoblari ko‘pchilikka ma’lum. “The Economist” nashri esa yaqinda AQSH va Ukraina o‘rtasida tabiiy boyliklar va buning evaziga Kiyev tomonidan so‘ralgan, ammo Tramp ma’muriyati berishni xohlamayotgan xavfsizlik kafolati borasidagi muzokaralarda naqd uch marotaba yuborilgan takliflarni birma-bir keltirdi. Unga ko‘ra, Vashingtonning Kiyevga topshirgan 3 xil taklifi “nisbatan yaxshiroq”, “yomon” va “halokatli” kabi turlarga bo‘linadi. Nashr manbalariga ko‘ra, muzokaralar boshlanganidan beri Ukraina rasmiylari AQSH muzokarachilarining ketma-ket uchta guruhi bilan uchrashgan, ularning har biri kelishuvning o‘ziga xos versiyasini ilgari surgan.
Kelishuvning birinchi versiyasi “yomon” deb nomlanadi. Bu 12 fevral kuni AQSH Moliya vaziri Skott Bessent tomonidan Zelenskiyga taqdim etilgan. Unda amerikalik vazir Ukraina Prezidentidan shu kungacha ko‘rsatilgan yordamlar evaziga o‘z tabiiy resurslaridan Qo‘shma Shtatlarga 500 milliard dollar ekvivalentida badal to‘lashni talab qiluvchi shartnomani o‘rtaga tashlagan. Ammo unda Ukraina tabiiy boyliklarini olish evaziga xavfsizlik kafolati taqdim qilish ko‘zda tutilmagan. Aytilishicha, Zelenskiy Bessent bilan mazkur muzokara chog‘ida uning bu taklifidan “juda g‘azablangan”.
Shartnomaning ikkinchi varianti esa taklif qilingan barcha loyihalar orasidagi “nisbatan yaxshirog‘i” deb ataladi. Bu Ukraina tomoniga Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg va AQSH vitse-prezidenti Jeyms-Devid Vens tomonidan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida taqdim etilgan. “The Economist” nashrining yozishicha, birinchi versiya singari, ikkinchi versiyada ham Ukrainaga mudofaa ishlarida yordam berish va’dalarining hech bir ko‘rinishi mavjud bo‘lmagan. Sodda qilib aytganda, “olish bor-u, berish yo‘q” bo‘lgan. Esingizda bo‘lsa, aynan shu Myunxen konferensiyasidan so‘ng, Tramp va Zelenskiy o‘rtasida dahanaki jang boshlanib ketgandi. Zelenskiy dastlab, Ar-Riyodda o‘tkaziladigan AQSH va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar Ukrainasiz o‘tishi aniq bo‘lgach, Kiyev mazkur uchrashuvning hech bir natijasini tan olmasligini ma’lum qilgandi. Tramp esa shundan so‘ng uning legitimligi mavzusini ko‘tardi, hatto Zelenskiyni “saylovlarsiz diktator” deyish darajasiga ham chiqdi. Bu orada Ukraina Prezidenti AQSH tomonidan taklif qilingan shartnomada xavfsizlik kafolati yo‘qligi, bu jahon urushidan keyin Germaniya va uning ittifoqchilariga yuklatilgan reparatsiyaning xuddi o‘zi ekanini aytib, Ukrainani sota olmasligini ma’lum qildi. Bugun esa mazkur mojarolar sodir bo‘lgan o‘sha kunlarda Zelenskiy va Tramp aynan yuqorida qayd etilgan ikki taklif borasida kelisha olmagani oydinlashmoqda. Albatta, Trampning “iqtisodiy qaramlik”dan boshqa hech narsa bo‘lmagan bunday takliflari Kiyevni ranjitishi tabiiy edi.
Ammo bu hali “xamir uchidan patir” edi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki “The Economist”ning yozishicha, 20 fevral kuni Kiyevga kelishuvning uchinchi varianti, ya’ni eng “halokatli”si taqdim qilingan. Ushbu versiyaga ko‘ra, AQSH Ukrainadan kelajakdagi tabiiy resurslar va infratuzilma, jumladan, portlardan tushadigan davlat daromadlarining 50 foizini AQSH hukumatiga tegishli yangi investitsiya fondiga o‘tkazishni talab qilgan. Ushbu jamg‘armaga badallar jamg‘armaning umumiy miqdori 500 milliard dollarga yetguncha davom etishi ko‘zda tutilgan. Kiyev esa bunday kutilmagan taklifdan “hayratda qolgan”. Mazkur qo‘rqinchli taklifning muallifi esa AQSH Savdo vaziri Xovard Latnik ekani aytiladi. Nashr bilan suhbatlashgan Ukraina rasmiylaridan biri esa bu taklif qabul qilinsa, xalq ertasi kuniyoq ularni sudsiz qatl qilishi mumkinligini aytgan.
Shu tariqa Ukrainaning kelgusida AQSH yordamiga tayanishi so‘roq ostida qoldi. Tramp esa bu ishni Ukraina xalqiga tegishli bo‘lgan mamlakat tabiiy boyliklarining katta qismiga ega chiqmay turib amalga oshirmoqchi emasligi quruq gap-so‘z emasligi ma’lum bo‘ldi. Yuqorida shu kungacha taqdim qilingan takliflarga nazar tashlansa, u Ukraina tabiiy resurslarini qo‘lga kiritgan taqdirda ham uning xavfsizligini ta’minlashni rejalamayotgandek taassurot qoldirayotgandi. Bir qarashda bu boradagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirgandek tuyuldi. Ammo “The Economist” nashrning ukrainalik manbalari kelishuv bo‘yicha muzokaralar izdan chiqmaganini ma’lum qilgandi. Ortda qolgan soatlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, yakunda oxir-oqibat shunday ham bo‘lgan ko‘rinadi. FT nashri ukrainalik rasmiylarga tayangan holda Kiyev va Vashington o‘rtasida tabiiy resurslar bo‘yicha muzokara tuzilgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Vashington dastlab taklif qilingan eng qat’iy shartlardan, xususan, AQSH Ukraina qazilma boyliklaridan olinadigan potensial 500 milliard dollar daromadga egalik qilish talabidan kechgan. Nashr manbasining ta’kidlashicha, Kiyev yanada qulay shartlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan va ushbu bitimni AQSH bilan hamkorlikni mustahkamlash imkoniyati sifatida qabul qilgan. AQSH tomonidan Ukrainaga taqdim qilingan bu taklif 4-versiya edi va 24 fevral kuni nihoyat tasdiqlandi. Yakuniy kelishuv matniga ko‘ra, tomonlar maxsus fond tashkil etishga kelishib olgan. Ukraina foydali qazilmalar, neft va gaz qazib olishdan keladigan daromadning 50 foizini ushbu fondga yo‘naltiradi. Fond mablag‘lari faqat mamlakat ichidagi loyihalarga investitsiya qilish uchun ishlatiladi. Mavjud davlat resurslariga ta’sir qilmaydi, ya’ni Naftogaz va Ukrnafta kabi yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning faoliyati o‘zgarishsiz qoladi. Biroq bitim AQSH tomonidan xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashni o‘z ichiga olmaydi, bu esa ilgari Kiyev tomonidan talab qilinganlarning eng asosiysi edi. Boz ustiga ushbu kelishuvda bir qator mavhumliklar saqlanib qolgan. Xususan, AQSHning fonddagi ulushi va aktivlarni birgalikda boshqarish mexanizmlari hali ham ochiq masala bo‘lib qolayotgani va bu bo‘yicha qo‘shimcha muzokaralar talab etilishi aytildi. Kelishuv Ukraina Adliya, Iqtisodiyot va Tashqi ishlar vazirlari tomonidan allaqachon ma’qullangani va endi hujjat Oliy Radada tasdiqlanishi lozimligi aytiladi. Yaqin haftalarda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHga tashrif buyurib, Prezident Donald Tramp bilan mazkur bitimni rasmiy ravishda imzolashi kutilmoqda.
Yevropa Ukrainani qo‘llashda davom etmoqchi
Yevropa yetakchilari Trampning kutilmagan reaksiyasidan so‘ng Ukraina va butun qit’a xavfsizligini o‘z zimmalariga olishini lozimligini allaqachon tusha boshladi. Ular ayni damda bosqin ostidagi Ukrainani ramziy va amaliy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirdi. Xususan, 24 fevral kuni tongda Rossiya bosqiniga 3 yil to‘lishi munosabati bilan Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta Ukraina poytaxti Kiyevga yetib bordi. Ikki yuqori martabali yevropalik siyosatchi Ukraina bilan birdamlik izhor etdi va Rossiya bosqini sharoitida mamlakatga qo‘shimcha yordam berishga va’da berdi. Kiyevga yetib kelgach, fon der Lyayen X platformasida omon qolish uchun kurashda faqat Ukraina emas, balki Yevropa taqdiri xavf ostida ekaniga ishora qildi. O‘sha kuni Vladimir Zelenskiyning tomonidan Kiyevga fon der Lyayen va Koshtadan tashqari yana 13 mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari kelishi ma’lum qilindi. Yevropa Ittifoqi yetakchilarining tashrifi faqatgina ramziy ahamiyat kasb etmadi. Jumladan, Ursula fon der Lyayen tez orada qurol ishlab chiqarishni kengaytirish va Yevropa Ittifoqining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli reja taqdim etishini ma’lum qildi. Bu choralardan Ukraina ham foyda olishi kerakligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning ham, butun Yevropa Ittifoqining ham energiya xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha keyingi qadamlar qo‘yiladi. Shuningdek, Ukraina va Moldova elektr energiyasi bozorlari kelasi yil oxirigacha Yevropa bozoriga to‘liq integratsiya qilinishi va’da qilindi.
O‘z o‘rnida, Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganining 3 yilligi munosabati bilan 24 ferval kuni yo‘llagan murojaatida rasmiy Berlin Kiyevga yordam ko‘rsatishda davom etishi va bu ko‘mak insonparvarlik yordami, mamlakatdan qochganlarni himoya qilish va harbiy yordam ko‘rsatish orqali amalga oshirilishini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, Germaniya bosqin tugamaguncha Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmaydi. Shu bilan birga, Germaniya Rossiya bosqini oqibatida vayron bo‘lgan Ukraina shaharlarini tiklashda ishtirok etishi va mamlakatning tinch hayotga qaytishida o‘z yordamini ayamaydi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya va Fransiya, tinchlik kelishuvidan so‘ng, Ukrainaga 30 minggacha yevropalik tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish rejasini tayyorlayotgani haqida xabarlar tarqadi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer 27 fevral kuni Vashingtonda Oq uy rahbari bilan uchrashuvda Trampga tegishli reja loyihasini ko‘rsatmoqchi. Nashr manbasiga ko‘ra, bu reja ortida aynan Britaniya hukumati turibdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa allaqachon AQSH Prezidenti bilan uchrashdi. Ramziy 24 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Ukrainadagi bosqin va kelgusidagi qadamlar haqida suhbatlashdi. Makron o‘t ochishni to‘xtatish sharti bilan Yevropa Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu borada o‘sha oldindan xabar berilgan reja ya’ni, mamlakatga tinchlikparvarlik kuchlarini jo‘natish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Makron AQSHga tashrifi chog‘ida hatto yaqin haftalarda Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh imzolanishi mumkinligini aytgan. Tramp esa Yevropa qo‘shinlarining tinchlikparvar sifatida Ukrainaga joylashtirilishiga qarshi emasligini ko‘p bor ta’kidlagan. U hatto bu masalani Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muhokama qilgani va Putin ham bunga qarshi emasligini aytdi. Ammo Kreml avvalroq Yevropa qo‘shinlarining Ukrainada joylashtirilishiga Rossiya ijobiy qaramasligini ma’lum qilgandi. Ammo Fransiya Prezidenti tinchlikparvar kuchlarning ahamiyati va umuman olganda Ukraina armiyasining mustahkamlanishi hayotiy zarurat degan fikrida qat’iy. Makron Ukrainada doimiy tinchlik o‘rnatish uchun zarur mudofaa salohiyati 800 ming qo‘shin bilangina ta’minlanishi mumkinligini aytdi. Chunki u 3 yildan buyon davom etayotgan Rossiya bosqiniga yo‘l ochgan omillardan biri sifatida o‘sha paytda Ukraina yetarli qurolli kuchlarga ega bo‘lmaganini keltirdi.
Tramp va Putin orasiga qil ham sig‘mayapti
So‘nggi kunlarda eski qadrdonlar Tramp va Putin bir-biri bilan har qachongidan-da yaqin munosabatda bo‘layotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Tramp har lahzada uning himoyasiga otlanishi odatiy tusga kirdi. Masalan, Makronning AQSHga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tramp Putinni “diktator” deb atashdan bosh tortgan. Bir hafta oldin esa AQSH Prezidenti Zelenskiyni urush davrida saylov o‘tkazishdan bosh tortgani uchun “diktator” deb butun olamga jar solgandi. 24 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasidagi AQSHning harakatlari hammasidan ko‘ra ajablanarli bo‘ldi. Shu kuni Bosh Assambleya tomonidan Rossiyaning Ukrainaga bosqini 3 yilga to‘lishi munosabati bilan Moskva qarshi qabul qilingan rezolyutsiyaga AQSH qarshi ovoz berdi va uni yoqlamadi. Bu bosqin boshlangandan buyon Ukraina va Rossiya masalasi yuzasidan AQSHning eng hayratlanarli qarori bo‘ldi. Ushbu rezolyutsiyani 193 mamlakatdan 93 tasi qo‘llab-quvvatlagan. AQSH va Rossiya boshchiligidagi 18 davlat esa bunga qarshi ovoz bergan. 65 davlat, jumladan O‘zbekiston ham mazkur rezolyutsiya qabul qilinishida betaraf qoldi.
Yuqorida qayd etilganlar Tramp va Putin o‘rtasidagi qalin munosabatlarga ishora qiluvchi kichik misollar xolos. Ikki davlat tabiiy boyliklar masalasida ham o‘zaro chuqur hamkorlik o‘rnatishga katta qadamlar tashlamoqda. Hatto Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSHga Rossiya hududida noyob metallarni qazib olish sohasida hamkorlik qilishni taklif qildi. U mamlakatlar birgalikda alyuminiy ishlab chiqarishi mumkinligini aytdi. Rossiya Prezidenti bu haqda 24 fevral kuni o‘zining etagidan mahkam tutgan va doim uning yonida hozir-u nozir bo‘luvchi muxbir – Pavel Zarubin bilan suhbatda ma’lum qilindi.
“Amerika kompaniyalari bilan bu sohada hamkorlik qilish haqida o‘ylashimiz mumkin. Misol uchun, Krasnoyarsk o‘lkasida, hatto Sovet davrida ham yangi GES qurish va qo‘shimcha alyuminiy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgan edi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, u bugungi narxlarda 15 milliard dollarga teng edi yoki bo‘ladi, lekin biz bu haqda o‘ylashimiz mumkin”, deb tushuntirdi Prezident.
Rossiya Federatsiyasidagi nodir yer metallari haqida gapirar ekan, Putin bugungi kunda mamlakatda ularni o‘zlashtirish bo‘yicha yetarli ishlar qilinmayotganini tan oldi. Putin tabiiy boyliklar ustida AQSH bilan hamkorlik qilishi mumkinligi haqida gapirdi. Ammo u nega alyuminiy sanoatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xoynaxoy bunga yetarlicha sabablar bor. Chunki ikki Putinning Zarubin bilan intervyusidan biroz oldin Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi o‘zining 16-sanksiyalar paketini qabul qildi. Mazkur sanksiyalar transhi esa asosan Rossiyaning alyuminiy sanoatini qamrab olishi aytilgandi. Ushbu metall borasida AQSH bilan hamkorlik Rossiya uchun bugungi mavjud sharoitda ayni muddaodir.
AQSH va Rossiyaning tabiiy boyliklar va boshqa masalalarda kelgusi 4 yillikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan anchagina yaqin hamkorligiga ishora qiluvchi boshqa jiddiy belgilar ham mavjud. Masalan, Putin Ar-Riyodda amerikalik diplomatlar bilan muzokaraga Lavro va Ushakovga qo‘shib yuborgan Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyevga qo‘shimcha majburiyat va vazifalar yukladi. Xususan, Rossiya Prezidenti Dmitriyevni xalqaro iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakil etib tayinladi. Unga ko‘ra, Kirill Dmitriyev Rossiyaning xalqaro iqtisodiyot va sarmoya bo‘yicha maxsus vakili sifatida ishlaydi. Dmitriyev 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan AQSH va Rossiya muzokaralarida ishtirok etgandi. O‘shanda Kremlning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakov va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokarada ishtirok etgan Dmitriyev AQSH vakillari bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi. Ar-Riyodda ham iqtisodiy hamkorlik va Rossiyaga sarmoya kiritish haqida chaqiriqlar yangragandi.
Merkelning partiyasi hokimiyatga qaytdi
Germaniyada bo‘ylab bugun, 23 fevral kuni Bundestagga navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazildi. 59 milliondan ko‘proq saylov huquqiga ega aholisi bor Germaniyadagi muddatidan oldin saylovlarda jami 29 ta siyosiy partiya ishtirok etdi. Saylovdan oldingi so‘rovlar amaldagi hukmron partiyaning mag‘lubiyatga uchrash ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatgandi. So‘rovlar konservativ XDI/XII bloki eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatgan. Undan keyin o‘ta o‘ngchi Germaniya uchun muqobil partiyasi o‘rin olishi kutilgandi. Ekzit pol hukmron GSDP va chap liberal “Yashillar” partiyasi mos ravishda keying o‘rinlarni band qilishini ko‘rsatgandi. Yakuniy natijalar esa huddi shunday ko‘rinish oldi. Parlament saylovlarida Fridrix Mersning Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoqi alyansi g‘alaba qozondi. Ular saylovchilarning 28,6 foiz ovozini qo‘lga kiritgan. “Germaniya uchun muqobil” partiyasi o‘z tarixida ilk bor ikkinchi o‘rinni egallab, 20,8 foiz ovoz olgan. Tashkil topganiga endi 12 yil bo‘lgan va ayni damda AQSHning yangi ma’muriyati muhim o‘rin tutuvchi shaxslar, xususan Ilon Mask va vitse-prezident Vens tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mazkur ultrapopulist partiyaning muvaffaqiyati ko‘pchilikni hayratlantirdi. Hukmron Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi esa aksincha o‘z tarixidagi eng yomon natijani qayd etib, 16,4 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinda qoldi. Bu esa amaldagi kansler Olaf Sholsning hukumat boshqaruvidan ketishini anglatadi. Chunki parlament saylovida g‘olib bo‘lgan partiya yetakchisi kansler lavozimini egallaydi. Bu inson esa XDS/XSI alyansi yetakchisi Fridrix Mersdir.
Shunday qilib, XDI/XSI alyansi Bundestagda 208 ta, GuM partiyasi – 151 ta, GSDP esa – 121 ta, “Yashillar” – 85 ta, “Chap partiya” – 64 ta o‘ringa ega bo‘ladi. Bundan tashqari, bir nafar mustaqil nomzod ham parlamentga kiradi. Bo‘lajak kansler Fridrix Mers hukumatni Pasxa kunigacha ya’ni 20 arelga qadar shakllantirishini ma’lum qildi. Ammo buning uchun Mers saylovda nisbatan ko‘proq ovoz to‘plagan boshqa partiyalar bilan koalitsiya tuzishi lozim. Ba’zilar buni imkonsiz demoqda. Chunki saylovda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan GuM partiyasi bilan hech bir partiya yoki alyans ittifoq tuzmaydi. Negaki, Germaniyadagi siyosiy qadriyatlarga ko‘ra, o‘ta o‘ng tafakkurdagi partiya bilan yaqinlashish tabu hisoblanadi. Ammo bundan bir necha hafta oldin Fridrix Mersning alyansi migratsiya siyosatini qattiqlashtirish nazarda tutilgan qonun loyihasini Bundestagdan o‘tkazishda GuMning yordamiga tayangandi. Bu esa kutilganidek keskin tanqidlar yomg‘iriga olib keldi. Germaniya siyosati uchun sharmandlik deya baholangan mazkur voqea hatto sobiq kansler Angela Merkelning ham jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lib, u Mersni qattiq tanqid qilgandi. Shuning uchun hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin. ustiga ustak, yuqorida ta’kidlanganidek GuM partiyasi AQSHning yirik darajali rasmiylari tomonidan katta-katta minbarlardan turib qo‘llab-quvvatlanmoqda. Biroq Mers ultra o‘nglar bilan koalitsiya tuzmaslikni qayta-qayta takrorladi va bunga va’da berdi. Shols esa Mersni g‘alabasini tan olib uni tabriklagan bo‘lsada, u boshchiligidagi hukumatda ishlamoqchi emas. Ammo baribir, XDI/XSI alyansi Bundestagda mustaqil ravishda ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagani sabab boshqa raqiblar bilan koalitsiya tuzishga majbur. Aks holda hammasi chippakga chiqadi. Qaytadan saylovlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. G‘alabani qo‘ldan chiqarmaslik uchun g‘olib alyans Bundestagdagi 630 o‘rindan 316 tasiga egalik qiluvchi koalitsiya tuzishga majbur. Mers va Shols partiyalarining ega chiqqan o‘rinlari esa umumiy hisobda 329 tani tashkil qiladi va bu yetarli ko‘rsatkich. Biroq barchasi partiyalarning qarorlariga bog‘liq. 20 aprelga esa ikki oydan kam muddat qoldi.
Germaniya bo‘ylab bugun, 23 fevral kuni Bundestagga navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazildi. 59 milliondan ko‘proq saylov huquqiga ega aholisi bor Germaniyadagi muddatidan oldingi saylovlarda jami 29 ta siyosiy partiya ishtirok etdi. Saylovdan oldingi so‘rovlar amaldagi hukmron partiyaning mag‘lubiyatga uchrash ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatgandi. So‘rovlar konservativ XDI/XII bloki eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatgan. Undan keyin o‘ta o‘ngchi Germaniya uchun muqobil partiyasi o‘rin olishi kutilgandi. Ekzit pol hukmron GSDP va chap liberal “Yashillar” partiyasi mos ravishda keyingi o‘rinlarni band qilishini ko‘rsatgandi. Yakuniy natijalar esa xuddi shunday ko‘rinish oldi. Parlament saylovlarida Fridrix Mersning Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoqi alyansi g‘alaba qozondi. Ular saylovchilarning 28,6 foiz ovozini qo‘lga kiritgan. “Germaniya uchun muqobil” partiyasi o‘z tarixida ilk bor ikkinchi o‘rinni egallab, 20,8 foiz ovoz olgan. Tashkil topganiga endi 12 yil bo‘lgan va ayni damda AQSHning yangi ma’muriyatida muhim o‘rin tutuvchi shaxslar, xususan Ilon Mask va vitse-prezident Vens tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mazkur ultrapopulist partiyaning muvaffaqiyati ko‘pchilikni hayratlantirdi. Hukmron Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi esa aksincha o‘z tarixidagi eng yomon natijani qayd etib, 16,4 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinda qoldi. Bu esa amaldagi kansler Olaf Sholsning hukumat boshqaruvidan ketishini anglatadi. Chunki parlament saylovida g‘olib bo‘lgan partiya yetakchisi kansler lavozimini egallaydi. Bu inson esa XDS/XSI alyansi yetakchisi Fridrix Mersdir.
Shunday qilib, XDI/XSI alyansi Bundestagda 208 ta, GuM partiyasi – 151 ta, GSDP esa – 121 ta, “Yashillar” – 85 ta, “Chap partiya” – 64 ta o‘ringa ega bo‘ladi. Bundan tashqari, bir nafar mustaqil nomzod ham parlamentga kiradi. Bo‘lajak kansler Fridrix Mers hukumatni Pasxa kunigacha, ya’ni 20 aprelga qadar shakllantirishini ma’lum qildi. Ammo buning uchun Mers saylovda nisbatan ko‘proq ovoz to‘plagan boshqa partiyalar bilan koalitsiya tuzishi lozim. Ba’zilar buni imkonsiz demoqda. Chunki saylovda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan GuM partiyasi bilan hech bir partiya yoki alyans ittifoq tuzmaydi. Negaki, Germaniyadagi siyosiy qadriyatlarga ko‘ra, o‘ta o‘ng tafakkurdagi partiya bilan yaqinlashish tabu hisoblanadi. Ammo bundan bir necha hafta oldin Fridrix Mersning alyansi migratsiya siyosatini qattiqlashtirish nazarda tutilgan qonun loyihasini Bundestagdan o‘tkazishda GuMning yordamiga tayangandi. Bu esa kutilganidek keskin tanqidlar yomg‘iriga olib keldi. Germaniya siyosati uchun sharmandalik deya baholangan mazkur voqea hatto sobiq kansler Angela Merkelning ham jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lib, u Mersni qattiq tanqid qilgandi. Shuning uchun hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin. ustiga ustak, yuqorida ta’kidlanganidek, GuM partiyasi AQSHning yirik darajali rasmiylari tomonidan katta-katta minbarlardan turib qo‘llab-quvvatlanmoqda. Biroq Mers ultra o‘nglar bilan koalitsiya tuzmaslikni qayta-qayta takrorladi va bunga va’da berdi. Shols esa Mersni g‘alabasini tan olib, uni tabriklagan bo‘lsa-da, u boshchiligidagi hukumatda ishlamoqchi emas. Ammo baribir, XDI/XSI alyansi Bundestagda mustaqil ravishda ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagani sabab boshqa raqiblar bilan koalitsiya tuzishga majbur. Aks holda hammasi chippakka chiqadi. Qaytadan saylovlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. G‘alabani qo‘ldan chiqarmaslik uchun g‘olib alyans Bundestagdagi 630 o‘rindan 316 tasiga egalik qiluvchi koalitsiya tuzishga majbur. Mers va Shols partiyalarining ega chiqqan o‘rinlari esa umumiy hisobda 329 tani tashkil qiladi va bu yetarli ko‘rsatkich. Biroq barchasi partiyalarning qarorlariga bog‘liq. 20 aprelga esa ikki oydan kam muddat qoldi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




