150 dan ortiq Xitoy fuqarosi Rossiya tomonida jang qilmoqda – Zelenskiy
Olam
−
10 aprel
2380Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bosqinchi qo‘shinlari tarkibida kamida 155 nafar Xitoy fuqarosi Ukraina hududida urishayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 9 aprel kuni jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Xitoy masalasi jiddiy. Bizda familiyalari, pasport ma’lumotlari bilan 155 nafar Xitoy fuqarosi bor. Ular Ukrainaga qarshi urishmoqda. Biz ma’lumotlarni yig‘moqdamiz va ularning soni bundan ancha ko‘p, deb hisoblaymiz. Ularning 155 nafari bo‘yicha bizda qayerdaligi, qaysi Xitoy hujjatiga egaligi, yoshi kabi barcha ma’lumotlar bor. Shuningdek, ular xizmat qilayotgan joylar – 70, 71 va 255-motostrelkachi polklari va boshqalar aniq”, dedi Zelenskiy.
U, shuningdek, Rossiya Xitoy fuqarolarini qanday qilib yollayotganini ham bilishini aytgan.
“Sxemalardan biri ijtimoiy tarmoqlar, xususan, TikTok va boshqa Xitoy ijtimoiy tarmoqlari orqali rossiyaliklar reklama roliklarini tarqatadi. Rasmiy Pekin bu haqda biladi. Ruslar Xitoy ijtimoiy tarmoqlari orqali ishga olish haqidagi reklama videolarini tarqatadi. Bu yashirin emas – bu muhim jihat. Balki, yashirin yollovlar ham bordir”, deydi Ukraina yetakchisi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yollangan xitoyliklar avval Moskvaga boradi, 3-4 kunlik tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va so‘ngra 1-2 oy davomida o‘quv markazlarida tayyorgarlik ko‘radi.
“Ular Ukrainada jang qilmoqda. Ular migratsion kartalar va “Mir” to‘lov tizimi kartalarini olishadi. Shu kartalarga pul o‘tkaziladi,” dedi Zelenskiy.
U ikki nafar Xitoy fuqarosi allaqachon asirga olinganini eslatgan. Ulardan biri joriy yilning 4 aprel kuni Donetsk viloyatining Belogorovka hududida 81-alohida aeromobillik brigadasi tomonidan, ikkinchisi esa 5 aprel kuni Tarasovka yaqinida 157-alohida mexanizatsiyalashgan brigada tomonidan qo‘lga olingan.
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina ushbu ikki xitoylik asirni Rossiya asirligidagi ukrainalik askarlarga almashtirishga tayyorligini bildirgan.
“Biz tayyormiz. Bu haqda ma’lumot berdik. Biz ularni faqat ukrainalik askarlarga almashtirishga tayyormiz. Men shuni ta’kidlashni istardim. Kimdir kecha aytdi: go‘yoki mish-mishlarga ko‘ra, biz bu xitoyliklarni Xitoy rahbari bilan qandaydir muzokaralar evaziga almashtirmoqchimiz. Bu mutlaqo real emas. Biz har qanday asirni faqat ukrainalik askarlarga almashtiramiz”, dedi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya armiyasi tomonida jang qilgan ikki nafar Xitoy fuqarosini asirga olganini aytgan edi. Keyinroq, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Li Syan jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xitoy o‘z harbiylarini Rossiya tomonida jang qilish uchun Ukrainaga yubormaganini va rasmiy Pekin o‘z fuqarolaridan jangovar harakatlarga yollanmaslikni talab qilishini bildirdi.
LiveBarchasi