Zelenskiy To‘qayevga qo‘ng‘iroq qildi. Qozog‘istonning pozitsiyasi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
23 iyul 2022
24854Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 23 iyul kuni Rossiyaning harbiy bosqini ostida qolayotgan Ukraina Respublikasi Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. To‘qayev Rossiya Ukrainaga nisbatan harbiy harakatlar boshlagan 24 fevraldan buyon Zelenskiy bilan muloqot qilgan birinchi Markaziy Osiyo mamlakati rahbari bo‘ldi.
Ukraina tomoni tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Prezidentlar Qosim-Jomart To‘qayev va Vladimir Zelenskiy 23 iyul kuni nishonlangan ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birlarini tabriklaganlar.
Qosim-Jomart To‘qayev o‘tgan yillarda iqtisodiy va gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim ijobiy natijalarga erishilganini ta’kidlagan.
Shuningdek, To‘qayev, Turkiyada BMT ko‘magida Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha erishilgan uch tomonlama kelishuvga ijobiy baho bergan.
“Davlat rahbari, shuningdek, Qozog‘istonning Ukrainadagi vaziyatni diplomatik yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha prinsipial pozitsiyasini tasdiqladi”, deyiladi Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.
Zelenskiy ham To‘qayev bilan telefon orqali suhbati haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar qoldirdi. U shunday yozgan:
“Men Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildim. U Ukraina hududiy yaxlitligini prinsipial qo‘llab-quvvatlagani, “LXR”, “DXR” deb atalmish tashkilotlarni tan olmagani uchun minnatdorlik bildirdim”, deb yozdi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyun kuni Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Qozog‘iston Donetsk va Lugansk xalq respublikalari kvazi-davlat, ya’ni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan hududlarning mustaqilligini tan olmasligini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi